Toshkentdagi o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan oltita restoran — “Osh Makon”, “Oshxona.Uz”, “Mash’al”, “Bog‘i Eram”, “Assorti” va “Tilla Kapgir” muassasalari egalari “Gashtak” nomli o‘ziga xos loyihani yo‘lga qo‘ydi, deb yozadi “Novosti ot Nasimova” sayti.
Asosiy maqsadlari tajriba almashish, o‘zbek an’anaviy pazandachiligini rivojlantirish, noyob retseptlarni qayta tiklash bo‘lgan ushbu aksiyaga Facebook’dagi “Restorannaya kritika Tashkenta” va “Vkusniy Uzbekistan” loyihalari ham taklif etilgan.
Loyiha doirasida har bir muassasadan ikki nafardan vakil birgalikda oltita ishtirokchi oshxonaga tashrif buyuradi va menyudagi taomlardan tatib ko‘radi. Dastlabki “Gashtak” 24-may, yakshanba kuni “Mash’al” Xorazm taomlari restoranida bo‘lib o‘tdi. Dastlabki tadbirda muassasaga mos ravishda Xorazm taomlari, jumladan tuxum barak va go‘sht barak, shivit osh kabilar dasturxonga qo‘yilgan.
“Gashtak” klubining keyingi yig‘ilishi “Assorti” restoranida bo‘lib o‘tishi ma’lum qilingan.
Izoh (0)