Londonning “Arsenal” klubi muxlisi Charli Pirs Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II’dan “to‘pchilar” “Aston Villa”ga qarshi maydonga tushadigan futbol bo‘yicha Angliya kubogi finaliga chipta olib berishni so‘radi, deb xabar bermoqda Daily Telegraph.
Kassadan chipta sotib olishga ulgurmagan Pirs final o‘yiniga kirish maqsadida Bukingem saroyiga murojaat qildi, biroq xushmuomala tarzda rad javobini oldi. “Qirolicha o‘zining sevimli klubi bo‘lgan ‘Arsenal’ga qiziqishingiz uchun minnatdorchilik bildiradi. Sizning o‘zingiz va do‘stingiz Leo Merfi uchun ikkita chipta olib berish haqidagi murojaatingiz diqqat bilan ko‘rib chiqildi, biroq afsuski, Zoti Oliyalari Sizga yordam bera olmaydi”, − deyiladi javobda. Shuningdek, unga barcha yaxshi tilaklar izhor qilingan va baribir ushbu o‘yinni ko‘ra olishiga umid bildirilgan.
Futbol Angliya qirolichasining azaliy xobbilaridan hisoblanadi. U birinchi marta 1953-yilda “Bolton” va “Blekpul” o‘rtasidagi futbol o‘yiniga tushgan.
Angliya kubogi finali 30-may kuni Londondagi “Uembli” stadionida bo‘lib o‘tadi. Unda ishtirok etuvchi jamoalar – “Arsenal” va “Aston Villa” muxlislari uchun 25 mingtadan chipta ajratilgan.
Izoh (0)