Qrim futbol bo‘yicha o‘z chempionatini o‘tkazishga ruxsat oldi. Bu haqda Qrim futbol federatsiyasi vakili Georgiy Ilyakovga tayanib, “Korrespondent” xabar qilmoqda.
Ilyakov Shveysariyada UEFA bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakuniga to‘xtalib o‘tdi: “UEFA bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Qrim chempionati o‘tkazilishi uchun bizga ruxsat berildi. Bu chempionatni UEFA tan oladi”.
Birinchilik 2015-yilning avgustida boshlanishi rejalashtirilmoqda. Unda 8 ta professional jamoa qatnashadi. “Tavriya” va “Sevastopol” chempionatda avtomatik ravishda ishtirok etadi. Qolgan qatnashchilar hozircha noma’lum.
Iyul oyi boshida Qrimga UEFA komissiyasi tashrif buyuradi va Qrim klublari infratuzilmasini tekshiruvdan o‘tkazadi. Shundan keyin chempionat ishtirokchilarini moliyalashtirish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, UEFA ijroqo‘mi Qrim klublariga 2015-yil 1-yanvaridan boshlab Rossiya futbol ittifoqi musobaqalarida ishtirok etishni taqiqlagandi. Keyingi buyruqlargacha Qrim futbol nuqtai nazaridan “alohida mintaqa” maqomini oldi.
Izoh (0)