“O‘zekspomarkaz”da “O‘zbekiston neft va gazi – OGU-2015” XIX xalqaro ko‘rgazmasi va “Energetika – Power Uzbekistan – 2015” X xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi ochildi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Ko‘rgazmalar “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, “O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi, Savdo-sanoat palatasi, “ITE Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi tomonidan “ITE” kompaniyalar guruhi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirlarning ochilish marosimida “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi boshqaruvi raisi Sh.Fayzullayev va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, jumladan, yoqilg‘i-energetika kompleksini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak samara berayotganini ta’kidladi.
An’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “O‘zbekiston neft va gazi – OGU – 2015” va “Energetika – Power Uzbekistan – 2015” xalqaro ko‘rgazmalari mamlakatimiz yoqilg‘i-energetika kompleksida yangi loyihalarni amalga oshirish hamda sohaga chet el investitsiyalarini jalb etishga xizmat qilmoqda.
Joriy yilda “O‘zbekiston neft va gazi – OGU” xalqaro ko‘rgazmasi ishtirokchilari soni kengaydi. Ko‘rgazmada Xitoy, Janubiy Koreya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Avstriya, Belgiya, Polsha, Niderlandiya, Italiya, Chexiya, Sloveniya, Ukraina, Janubiy Afrika Respublikasi, Turkiya kabi davlatlardan 200 dan ortiq kompaniya ishtirok etmoqda.
Joriy yilda ko‘rgazmaga o‘ttizga yaqin kompaniya va qo‘shma korxona taklif etildi. Ular xorijlik hamkasblariga o‘z ishlanma va innovatsiyalarini namoyish etmoqda.
Mamlakatimiz kompaniyalari tomonidan taklif etilayotgan uglevodorodlarni qidirish va qazib olish, burg‘ulash, tog‘-kon sanoati, isitish, payvandlash asbob-uskunalari, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari va yoqilg‘i quyish shoxobchalari uchun qurilmalar, sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha yechimlar chet ellik ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ko‘rgazmada ishtirok etayotgan xorijiy kompaniyalar nazorat-o‘lchov, burg‘ulash, neft va gaz asbob-uskunalari, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun zamonaviy texnologiyalar va ko‘plab boshqa qurilmalarni taqdim etmoqda. Ular orasida Xitoy va Janubiy Koreya kompaniyalarini alohida ajratib ko‘rsatish mumkin.
Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Fransiya, Chexiya va Janubiy Afrika Respublikasidan tashrif buyurgan ishtirokchilar stendlarida transport-ekspeditorlik xizmatlari, boshqaruv tizimlari, neft-gaz tarmog‘i uchun texnologik qurilmalar va boshqa uskunalar taqdimotlari o‘tkazilayotir.
Qator mamlakatlar yoqilg‘i-energetika komplekslari rahbarlari, olim va mutaxassislar, ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etayotgan “OGU – 2015” ko‘rgazmasi tajriba va fikr almashish, o‘zaro manfaatli munosabatlar o‘rnatish, mavjud aloqalarni yanada kengaytirish, hamkorlikda yangi loyihalarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish, shartnomalar tuzish imkonini bermoqda.
Ko‘rgazma doirasida xalqaro konferensiya ham bo‘lib o‘tadi. Unda sohaga oid jahon miqyosidagi yangi tendensiyalar, mamlakatimiz neft-gaz sanoatini rivojlantirish masalalari, xalqaro hamkorlikning muvaffaqiyatli tajribasi va yangi imkoniyatlari, yurtimiz neft-gaz sanoatidagi loyihalarni moliyalashtirish va boshqa dolzarb mavzular muhokama etiladi. Ushbu tadbirning jahon uglevodorodlar bozoridagi ahamiyati va yuqori samaradorligi inobatga olingan holda unga “Global Oil&Gas Uzbekistan” deb nom berildi. Bu esa, o‘z navbatida, konferensiya yuksak xalqaro maqomga ega bo‘layotgani va uning ishtirokchilari soni kengayib borayotganidan dalolat beradi.
“O‘zbekiston neft va gazi – OGU – 2015” xalqaro ko‘rgazmasi bilan bir maydonda energetika, energiyani tejash, muqobil energiya manbalari sohasidagi eng so‘nggi yutuqlar namoyish etilayotgan “Energetika – Power Uzbekistan – 2015” xalqaro ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tmoqda. Ayni paytda mamlakatimiz energetika tizimlarini modernizatsiya qilish borasidagi loyihalarni amalga oshirish davom ettirilayotgani, chet el investitsiyalari keng jalb etilayotgani ushbu tadbirning dolzarbligini tasdiqlaydi. O‘tgan o‘n yil mobaynida Markaziy Osiyo mintaqasida energetika tarmog‘ining ushbu nufuzli ko‘rgazmasi samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun qulay maydonga aylandi. Bu yerda mutaxassislar mamlakatimiz va dunyoda energetika tarmog‘ini rivojlantirishga oid so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishishi, tajriba almashishi, shuningdek, uchrashuv va muzokaralar davomida yangi aloqalar o‘rnatishi mumkin.
Joriy yilda ko‘rgazmada Xitoy, Germaniya, Fransiya, Belgiya, Hindiston, Shvetsiya, Turkiya va boshqa mamlakatlardan 40 dan ortiq kompaniya ishtirok etayotir.
Xalqaro ko‘rgazma doirasida “Energetika – 2015: innovatsiyalar, yechimlar, istiqbollar” mavzusida turkum seminarlar o‘tkaziladi. Ularda energiyadan foydalanish usullarini takomillashtirish, mavjud stansiyalarni modernizatsiya qilish va boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha taqdimotlar bo‘lib o‘tadi. “O‘zbekistonda muqobil energetikani rivojlantirish” mavzusida o‘tkaziladigan taqdimot xorijiy ishtirokchilarni ushbu istiqbolli tarmoqda mamlakatimizning tajribasi bilan tanishtirish imkonini beradi.
“O‘zbekiston neft va gazi – OGU – 2015” va “Energetika – Power Uzbekistan – 2015” xalqaro ko‘rgazmalari mamlakatimiz neft-gaz va energetika salohiyatini namoyish etish uchun qulay maydon, shuningdek, eng zamonaviy ishlanma va texnologiyalarni joriy qilish, xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, yangi investitsiyalarni jalb etish uchun samarali vositadir.
Ko‘rgazmalarning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.Ibragimov so‘zga chiqdi.
Izoh (0)