Janubiy Koreyaning Seul shahrida Paralimpiyah 1998-yildan buyon an’anaga aylangan IBSA Jahon o‘yinlari (IBSA World Games) boshlandi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Beshinchi bor tashkil etilgan (2003-yildan buyon har to‘rt yilda bir o‘tkazilib kelinadi) mazkur yirik musobaqada dunyoning 60 davlatidan 6000 nafardan ziyod paralimpiyachilar sportning 9 turi bo‘yicha g‘oliblik uchun kurash olib boradilar.
Ushbu nufuzli sport musobaqada O‘zbekiston sharafini 15 nafar sportchimiz suzish, engil atletika va dzyudo sport turlari bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan musobaqalarda himoya qiladilar.
E’tiborlisi, Jahon o‘yinlarining ilk kunidayoq mamlakatimiz sportchilari bittadan oltin, kumush va bronza medallariga sazovor bo‘lib, O‘zbekistonda paralimpiya harakati nechog‘lik taraqqiy etib borayotganligini amalda yana bir bor isbotladilar.
2014-yili Janubiy Koreyaning Inchxon shahrida o‘tkazilgan Para Osiyo o‘yinlari 3 bor shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan hamyurtimiz Dmitriy Xorlin 200 metr masofaga erkin usulda suzishda Jahon o‘yinlarining oltin medalini ham o‘z kolleksiyasiga qo‘shib qo‘ydi.
Terma jamoamizning eng yosh sportchilaridan biri Muhammad Abduraimov 100 metr masofaga baterflyay usulida suzishda kumush, yana bir sportchimiz Shahzod Jumaniyozov esa 50 metrga brass usulida suzishda bronza medaliga sazovor bo‘ldilar. Suzish musobaqalari yana to‘rt kun davom etadi.
12-maydan boshlab, yengil atletika va dzyudochilar ham bahslarga kirishadilar.
Ma’lumot uchun. IBSA Jahon o‘yinlari (IBSA World Games) ilk bor 1998-yilda Madrid (Ispaniya)da o‘tkazilgan. Shundan so‘ng, 2003-yil – Monreal (Kanada), 2007-yil – San-Paulu (Braziliya), 2011-yil – Antalya (Turkiya)da tashkil etilgan.
2011-yilda Antalyada bo‘lib o‘tgan Jahon o‘yinlarida mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari dzyudo kurashi musobaqasida bitta kumush medalga sazovor bo‘lishgan edi.
Izoh (0)