Qatar poytaxti Doha shahrida erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha Osiyo chempionati o‘z yakuniga yetib boryapti. Kecha musobaqaning to‘rtinchi kungi bahslarida yunon-rum kurashi bo‘yicha bir guruh g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Quvonarlisi, ular orasida o‘zbekistonlik kurashchilar ham bor, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
Jumladan, -59 kg vazn toifasida gilamga chiqqan hamyurtimiz Elmurod Tasmuradov barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, Osiyo chempioni unvoniga sazovor bo‘ldi. Elmurod hal qiluvchi final bahsida KXDR vakili Von Chol Yuxni 9:4 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, shoxsupaga ko‘tarildi. Tasmuradov chorak finalda xitoylik Kie Tiyanni 8:0, yarim finalda esa yaponiyalik Ota Shinobuni 9:0 hisobida dog‘da qoldirdi.
-85 kg vazn toifasida yurtimiz sport sharafini himoya qilgan Rustam Assakalov ham Osiyo chempioni bo‘ldi. U oltin medal uchun kechgan murakkab bahsda qozog‘istonlik Nursultan Tursinovni qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga taslim etdi. Asosiy vaqt 4:4 hisobida yakkunlangan edi. Assakalov chorak finalda koreyalik Park Jin Sungni 10:2, yarim finalda esa eronlik Dovud Chadorchini 8:6 hisobida taslim etdi.
-71 kg vazn toifasida o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazgan Nurbek Xolmuhammatov esa Osiyo chempionatining bronza medali bilan taqdirlandi. Nurbek bronza medali uchun kechgan bahsda koreyalik Jung Geun Lidan 9:3 hisobida ustun keldi.
Eslatib o‘tamiz, bir kun aval -70 kg vazn toifasida gilamga chiqqan Osiyo o‘yinlari g‘olibi Bekzod Abdurahmonov ham barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, Osiyo chempioniga aylangan edi. U oltin medal uchun kechgan murakkab final bahsida tojikistonlik raqibi Zelimxon Yusupovni 6:5 hisobida mag‘lub etgandi.
Ta’kidlash joiz, Bekzod Abdurahmonov finalga qadar xitoylik Xayvey Lingni 8:0, chorak finalda yaponiyalik Takafumi Kojimani 10:2, yarim finalda esa hindistonlik Parvin Ranani 13:8 hisobida taslim etgan edi.
Terma jamoamizning yana bir yetakchi polvoni Rashid Qurbonov esa -74 kg vazn toifasida bronza medalini qo‘lga kiritgandi. Hamyurtimiz yarim final bellashuvida eronlik Peyman Murtazo Yaraxmadiga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ygan edi. Bronza medali uchun kechgan bahsda esa qirg‘izistonlik Muslim Evloyevdan 3:0 hisobida ustun kelgandi.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo chempionatining birinchi kungi bahslarida Ruslan Pliyev (-65 kg) va Umidjon Ismanov (-86 kg) bronza medallariga sazovor bo‘lishgandi. Demak, bugun o‘tkaziladigan so‘nggi bahslar oldidan terma jamoamiz hisobida 3 ta oltin, 4 ta bronza medali bor.
Izoh (0)