Tailandning Pattayya shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida shaxmat bo‘yicha jahon chempionati bahslari boshlandi. Oltita yosh toifasida o‘tkazilayotgan dunyo birinchiligida besh nafar yosh shaxmatchimiz ham o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazyapti, deb xabar berdi “Olamsport”.
1-turda aka-uka jahon chempionlari – Javohir va Islombek Sindarov o‘z raqiblarini mag‘lub etdi. 9 yoshlilar musobaqasida ishtirok etayotgan Islombek oq donalarda koreyalik Benjamin Kimni taslim etdi. Javohir esa 11 yoshli shaxmatchilar bahsida qora donalarda o‘ynashiga qaramay, angliyalik Xan-Sen Chuingni mot qildi.
Yetti yoshlilar musobaqasida o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazayotgan Akobirxon Saydaliyev ham jahon chempionatini g‘alaba bilan boshladi. Qora donalarda harakat qilgan Saydaliyev xitoylik Li Yixaoni yengdi. Bu yosh toifasidagi yana bir vakilimiz Abdulbosit Sharifjonov esa mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdi. U hindistonlik Bxagat Kushga imkoniyatni boy berdi.
O‘n uch yoshlilar bahsida qatnashayotgan Suhrobjon Avvalboyev ham ilk turda g‘alaba nashidasini surdi. U oq donalarda o‘ynab, angliyalik Modi Shiyamni mag‘lubiyatga uchratdi.
Izoh (0)