Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida an’anaviy xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi. O‘nga yaqin davlatdan 150 nafar yosh sportchi ishtirok etgan mazkur musobaqa mahorat va shijoat sinoviga aylandi, deb xabar beradi O‘zA.
46 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida musobaqani chorak finaldan boshlagan o‘zbekistonlik yosh bokschi Halimbek O‘tegenov avvaliga mezbonlar vakilini, yarim finalda gruziyalik, hal qiluvchi jangda qozog‘istonlik sportchini mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Sportchimiz sharafiga O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangradi.
Halimbekning g‘alabasi jamoadoshlarini ruhlantirib yubordi. Vazni 50 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar bahsida Murodjon Aliyev, 54 kilogrammgacha og‘irlikdagi sportchilar o‘rtasida Saidjamshid Jafarov ham raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va oltin medalni qo‘lga kiritdi.
O‘zbekistonning yosh bokschilaridan Bahodir Barotov, Farrux Ilhomov va Dilshod Ro‘zmetov o‘z vazn toifasida kumush medalga loyiq topildi. Jahongir Rahmonov, Temur Merjanov, Yahyoxon Saidxonov va Abbosxon Mirzaabdullayev bronza medal bilan taqdirlandi.
Xalqaro turnirda uchtadan oltin va kumush hamda to‘rtta bronza medalni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.
Izoh (0)