O‘zbekistonlik professional bokschi Bahodir Mamajonov o‘zining navbatdagi jangini 22-may kuni o‘tkazishi ma’lum bo‘ldi. Mazkur jang dunyo boks markazi hisoblangan AQShning Nevada shtati Las-Vegas shahridagi The D Hotel & Casino arenasida bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
O‘n ikki raundga mo‘ljallangan jangda O‘zbekiston vakili vakant bo‘lib turgan IBF Inter-Continental chempionlik kamari uchun ringga ko‘tariladi. Raqib esa juda ham jiddiy. Ganalik Richard Kommey faoliyati davomida 21 ta jang o‘tkazgan bo‘lib, ularning barchasida g‘alaba qozongan. Nokautlar soni 19 ta. Kommey Britaniya imperiyasi hamda IBF yo‘nalishida Afrika qit’asi chempioni hisoblanadi.
Uch yildan beri faoliyatini AQShning Texas shtati Xyuston shahrida murabbiy Ken Richardson qo‘l ostida davom ettirayotgan Bahodir Mamajonov esa 18 ta jang o‘tkazib, shulardan 17 tasida zafar quchgan. Faqat bir marotaba mag‘lubiyat alamini totib ko‘rgan. Muddatidan avval qozonilgan g‘alabalar soni 11 tani tashkil etadi.
Kommey o‘zining so‘nggi jangini shu yilning 14-mart kuni Janubiy Afrika Respublikasi vakili Tompson Makvanaga qarshi o‘tkazib, yettinchi raundda raqibini nokautga uchratgan edi.
Bahodir Mamajonov esa o‘zining so‘nggi jangida ugandalik Osuma Akabaga qarshi ringga ko‘tarilgan. O‘tgan yilning 22-avgust kuni bo‘lib o‘tgan jang Ogayo shtatining Kolambus shahrida tashkil etilgan edi. Unda O‘zbekiston vakili raqibini ochkolar hisobi bo‘yicha mag‘lubiyatga uchratgandi.
Izoh (0)