Qatarning Doha shahridagi “Qirol bin Fahd” stadionida “Lahviya” va “Bunyodkor” jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan o‘yinda Sergey Lushan shogirdlari kichik hisobda imkoniyatni boy berib qo‘yishdi, deb xabar bermoqda “Uff.uz”.
Yagona golga 44-daqiqada Vladimir Vayss mualliflik qildi. Vayss golni juda chiroyli tarzda kiritganini alohida ta’kidlash kerak. U bir yo‘la 4 nafar himoyachimizni tomoshabinga aylantirib qo‘yib, oyog‘ining tashqi tomoni bilan To‘rayev qo‘riqlayotgan darvozaga aylanma zarba yo‘llab, hisobni ochdi.
O‘yinda “Bunyodkor”ga hujumning so‘nggi pallasida aniqlik yetishmadi. Ko‘pgina vaziyatlarda futbolchilarimiz oddiy vaziyatlarda to‘pni oshirishda xatolikka yo‘l qo‘yishdi. Rashidovning zarbalari qanchalik kuchli chiqqan bo‘lsa, shunchalik noaniq bo‘ldi.
Lushan vaziyatni o‘nglash uchun maydonga birin ketin yangi kuchlarni tashladi. Ammo Zabihillo O‘rinboyev ham, Temur Ayyupov ham jamoaga yordam bera olishmadi.
Shu tariqa “qaldirg‘ochlar” safarda mag‘lubiyatga uchrab, guruhdan chiqish imkoniyatidan deyarli mahrum bo‘lishdi.
“Lahviya” – “Bunyodkor” 1:0
Gol: Vayss, 44.
“Lahviya”: Klod Amin, Muhammad Musa, Joze Moreno, Xolid Muftah, Luiz Martin, Nam Taye Xi, Karim Budiaf, Muhammad Abdulloh, Sebastyan Soriya, Yusuf Msakni, Vladimir Vayss.
“Bunyodkor”: A.To‘rayev, A.Shorahmedov, X.Karimov, A.Filiposyan, S.Bekrich, Sh.Zuagi, D.Hamdamov, S.Minori, S.Rashidov, O.Jo‘raboyev, Shodiyev.
Izoh (0)