Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti Alisher Usmonov 1−9-aprel kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati yuzasidan UzReport telekanaliga intervyu berdi.
“O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi O‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatini Toshkenta o‘tkazish uchun o‘z nomzodini taklif qildi. Saralash jarayonida yana ikkita federatsiya ishtirok etdi. Toshkentda jahon chempionatini o‘tkazish haqidagi taqdimot ochiq kurashda boshqalardan ustun keldi. Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi kongressi mutloq ko‘pchilik bo‘lib ovoz berdi va biz tanlovda adashmadik.
Men o‘zim o‘zbek qilichbozlik maktabi vakiliman, millatim ham o‘zbek. O‘zbekiston – mening Vatanim va men ushbu chempionat Toshkentda o‘tkazilishi uchun qo‘limdan kelgancha harakat qildim. Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi ham bu qarorni to‘liq qo‘llab-quvvatladi. Bugun biz bu qaror to‘g‘ri bo‘lganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Tomoshabinlar ham ajoyib ochilish marosimini ko‘rib zavq olishdi. O‘ylaymanki, barcha janglar ham xuddi shunday yuqori darajada bo‘lib o‘tadi.
O‘zbek qilichbozlik maktabi Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidentini yetishtirdi, buning o‘zi katta salohiyat (kuladi). Endi O‘zbekistonda ushbu sportda bo‘lgan an’analarni qayta uyg‘otish kerak. Bundan tashqari, qilichbozlik o‘zbek yigitining eng muhim jihatlaridandir. O‘ylaymanki, ushbu sport turi O‘zbekistonda yaxshi rivojlanadi”, − dedi Usmonov.
Izoh (0)