Ikkinchi “qora quti” ma’lumotlari Fransiyada halokatga uchragan Airbus A320 ikkinchi uchuvchisi Andreas Lyubits ongli ravishda harakat qilganini ko‘rsatdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.ru”.
Shuningdek, uchuvchi samolyot qoyaga urilishidan oldin tezlikni oshirgani ma’lum bo‘ldi.
“Olingan dastlabki ma’lumotlar shuni ko‘rsatdiki, samolyot 30 metr balandlikka tushishi uchun uchuvchi avtopilot dasturini o‘zgartirgan. Bundan tashqari, uchuvchi qulashdan avval samolyot tezligini oshirgan”, — dedi tergov guruhi vakili.
Avvalroq Germanwings aviakompaniyasi samolyoti halokatida aybdor deb hisoblanayotgan uchuvchi Andreas Lyubits jami bir yarim yil psixiatr ko‘magida davolangani ma’lum bo‘lgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 24-mart kuni Barselonadan Dyusseldorfga parvoz qilayotgan Airbus A320 samolyoti Fransiya janubida, Alp tog‘lari ustida halokatga uchrashi oqibatida layner bortida bo‘lgan 150 kishining barchasi halok bo‘lgan edi.