Joriy yilning 1–4-aprel kunlari O‘zbekistonning barcha tuman (shahar)larida bilimlar bellashuvining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar beradi Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati.
Bilimlar bellashuvi 5–8-sinf o‘quvchilari o‘rtasida 16 ta umumta’lim fanidan tashkil etilib, tanlov maktab, tuman (shahar), viloyat, respublika bosqchilarida o‘tkaziladi. Bu yilgi bilimlar bellashuvining dastlabki maktab bosqichi yanvar oyida bo‘lib o‘tib, unda 2 million nafarga yaqin o‘quvchi ishtirok etdi. Ulardan 400 mingga yaqini tuman bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Mazkur bosqichda o‘quvchilar viloyat bosqichiga qatnashish huquqini beruvchi 1-o‘rin uchun kurashadi.
Bellashuvda o‘quvchilarning olgan bilimlarini amaliyotda qo‘llay olish ko‘nikmalari yozma, og‘zaki va test sinovlari asosida aniqlanadi. Ayniqsa, chet tillaridan o‘quvchilarning kommunikativ ko‘nikmalari – o‘qib tushunish, tinglab tushunish va chet tilida muloqot qilish orqali sinovdan o‘tkaziladi.
Bu yilgi bellashuvlarning avvalgilaridan farqi umumiy o‘rta ta’lim maktablari va ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktablari o‘quvchilari sinovdan alohida-alohida o‘tkaziladi.
Ma’lumot uchun, bilimlar bellashuvi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 2010-2011-o'quv yilidan boshlab o‘tkazib kelinmoqda.
Izoh (0)