Turkiyaning Samsun shahrida dzyudo bo‘yicha Gran-Pri turkumiga kiruvchi yirik xalqaro turnir o‘z yakuniga yetdi. Musobaqaning so‘nggi kuni -90, -100 hamda +100 kg vazn toifalarida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
-90 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan o‘zbekistonlik Sherali Jo‘rayev bronza medaliga sazovor bo‘ldi. U bronza medali uchun kechgan bahsda avvaliga ozarbayjonlik Tural Safguliyev, keyin esa litvalik Karolis Bauzani mag‘lubiyatga uchratdi. Ikkinchi bronza medali qozog‘istonlik Islam Bozbayevga nasib etdi. Gollandiyalik Noel End Van ushbu vazn chempioni bo‘ldi. Noel finalda serbiyalik Aleksandr Kukoljni mag‘lub etdi.
-100 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan Ramziddin Saidov o‘zining ikkinchi bellashuvida gruziyalik Aleksandr Zaalishviliga imkoniyatni boy berdi. Va nihoyat, eng og‘ir vazn +100 kg vaznda ikki hamyurtimiz ishtirok etdi. Boltaboy Boltayev ikkinchi uchrashuvida litvalik Marius Paskevichyusga yutqazib qo‘ydi. Yana bir polvonimiz ilk bosqichdayoq estoniyalik Juxan Mettisdan yengildi.
Shu tariqa, terma jamoamiz Samsun Gran-prisini 2 ta oltin va 1 ta bronza medali bilan yakunladi. Shuningdek, 1 ta 5-o‘ringa ham ega bo‘ldik. Bu natija terma jamoamizga umumjamoa hisobida 67 davlat orasida 3-o‘rinni taqdim etdi. Birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan Gollandiya va Ozarbayjon terma jamoalari hisobida ham xuddi biz kabi 2 ta oltin medal bor.
Eslatib o‘tamiz, Samsun Gran-prisining ilk kuni bir yo‘la ikki nafar dzyudochimiz Sharofuddin Lutfullayev (-60 kg) va Olimpiya o‘yinlarining ikki karra bronza medal sovrindori Rishod Sobirov (-66 kg) oltin medallarni qo‘lga kiritishgan edi.
Yana bir ma’lumot, ushbu Gran-pri musobaqasi mos ravishda birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga Rio-2016 olimpiadasi uchun muhim 300, 180 hamda 120 reyting ochkosini taqdim etdi.
Izoh (0)