Donetsk viloyatidagi Chervoniy Jovten qishlog‘i aholisi Reuters agentligiga 2014-yil 17-iyulda yo‘lovchi “Boing”ini urib tushirgan raketani ko‘rgani haqida gapirib berdi, deb yozadi Meduza.
58 yoshli Pyotr Fedotov so‘zlariga ko‘ra, “Boing” halokatga uchragan chog‘ida u bog‘da bo‘lgan. U gumburlash ovozini eshitgan, osmonga qarab, avval raketani, so‘ngra havoda parchalanib ketayotgan samolyotni ko‘rgan.
Reuters ta’kidlashicha, Fedotov kameraga raketa ukrainalik harbiylar tomonidan nazorat qilingan hududdan uchirilganini aytgan, biroq kamera o‘chirilgach, uning ayirmachilar hududidan uchirilganini tan olgan. Uning aytishicha, qishloq xo‘jalik ishchilari unga Chervoniy Jovten qishlog‘idan bir yarim kilometr nariroqdagi ekin maydonida zenit batareyasi turganini ko‘rsatgan.
Yana bir nechta mahalliy aholi vakillari ham osmonda raketani va samolyotning portlaganini ko‘rganini gapirib berdi.
Izoh (0)