Milliy xavfsizlik xizmati Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan “Sariosiyo” chegara bojxona kompleksida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida bojxona chegarasi orqali yirik miqdordagi kimyoviy moddalarning noqonuniy tranzitiga chek qo‘yildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo‘mitasi xabar beradi.
Turkiyadan Tojikiston Respublikasiga harakatlanayotgan “Mersedes-bens” rusumli tranzit avtomashinasi ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasida 20 tonna-yu 850 kilogramm oltingugurt kislotasi va 2 tonna-yu 400 kilogramm chumoli kislotasi borligi aniqlandi. Turkiya kompaniyalaridan biri tomonidan Dushanbe shahridagi “Tojikcharm” qo‘shma korxonasiga yuborilgan ushbu yuk O‘zbekiston hududi orqali tranzit o‘tkazish uchun maxsus ruxsatnomasiz olib o‘tilayotganligi ma’lum bo‘ldi. Asosan sanoatda foydalaniladigan ushbu yukning xavfli tomoni shundaki, u narkotik vositalar va psixotrop moddalarni tayyorlash hamda qayta ishlashda prekursor, ya’ni kimyoviy unsur sifatida ishlatilishi mumkin.
Mazkur moddalarni tekshirib ko‘rish maqsadida namunalar olindi va tegishli xulosalar olingunga qadar ushbu transport vositasi bojxona hududida vaqtincha saqlanadi.
Ushbu holat yuzasidan tegishli protsessual harakatlar olib borilmoqda.
Izoh (0)