O‘zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasi aprel oyida Toshkentda Yangi Zelandiya yoshlar terma jamoasiga qarshi ikkita o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazish borasida kelishuvga erishdi. Bu haqda O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi rasmiy saytida xabar berildi.
Rejaga ko‘ra, Yangi Zelandiya U-20 yoshlar terma jamoasiga qarshi uchrashuvlar 4 va 6-aprel kunlari bo‘lib o‘tadi. Mazkur o‘yinlar har ikkala terma jamoa uchun ham yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionati bahslariga tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi. Qayd etish lozim, yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati bahslari aynan Yangi Zelandiyada bo‘lib o‘tadi.
Ravshan Haydarov bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston U-20 terma jamoasi Yangi Zelandiyaga qarshi o‘yinlar oldidan Portugaliyaning Koimbra shahrida 4 kunlik yig‘in o‘tkazishi kutilmoqda. Mazkur yig‘inda Haydarov jamoasi ikkita o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazadi. Unga ko‘ra, dastlab 27-mart kuni O‘zbekiston yoshlari U-20 yosh toifasida Yevropa vitse-chempioni Portugaliya yoshlar terma jamoasiga qarshi maydonga tushsa, 29-mart kuni jahon vitse-chempioni Urugvay yoshlar terma jamoasiga qarshi o‘yin bo‘lib o‘tadi.
Ta’kidlash lozim, O‘FF Terma jamoalar markazi ayni damda Jahon chempionati guruh bosqichidagi raqiblarga mos sparring-raqiblar topish va ularga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarini tashkil etish borasida muzokaralarni davom ettirmoqda.
Izoh (0)