Joriy yilning 5-mart kuni Xalqaro biznes va texnologiyalar assotsiatsiyasi China Foreign Trade Centre tashkiloti ko‘magida dunyoning eng yirik eksport va import tovarlari yarmarkasi - CANTON Fair (Xitoy, Guanchjou) tashkilotchilari bilan video-konferensiya o‘tkazadi. Bu haqda Uzbekistan Today axborot agentligi xabar bermoqda.
Ushbu yarmarka vakillari bilan bunday teleko‘prik ikkinchi marotaba o‘tkazilmoqda. 2014-yil qurilish, oziq-ovqat sanoati, mashinasozlik va boshqa sohalarda faoliyat ko‘rsatadigan 40 nafardan ziyod tadbirkor ko‘rgazma tashkilotchilari bilan fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘lgan edi.
Yaqinda tashkil etiladigan video-anjumanda 80 nafarga yaqin tadbirkor ishtirok etishi kutilmoqda.
Bunday uchrashuvlar biznesmenlarga O‘zbekistondan turib jonli efir orqali asbob –uskunalar olib kelish, mahsulotlarni yetkazib berish shartlari va sifat kafolatlari, sherikchilik aloqalarini o‘rnatish imkoniyatlari hamda Xitoy tomonidan shartnomalarni tuzish bilan bog‘liq savollarni muhokama qilish imkonini beradi. Bundan tashqari, mazkur tadbir bundan keyingi o‘zaro manfaatli hamkorliklarni yanada rivojlantirish uchun xizmat qiladigan loyihalarni ko‘rib chiqishga ham ko‘maklashadi.
Izoh (0)