26-fevral kuni Toshkentdagi “Ramada” mehmonxonasida OAV vakillari va futbol jurnalistlari uchun FIFA instruktorlari ishtirokida seminar bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining rasmiy sayti.
Mazkur seminarni FIFA instruktorlari Ali Traifi (Saudiya Arabistoni) hamda Farhod Abdullayev (O‘zbekiston), shuningdek, O‘FF hakamlar va nazoratchilar Boshqarmasi boshlig‘i Noil Lutfulin va FIFA referisi Ravshan Ermatov o‘tkazdi. Ikki soatdan ortiqroq vaqt davomida jurnalistlar hakamlar faoliyati bilan bog‘liq ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldi va shu bilan birgalikda hakamlik va futbol qoidalariga oid bilimlarini sinab ko‘rdi. Buning uchun ularga futbol uchrashuvlari paytida sodir bo‘lib turadigan turli xil bahsli vaziyatlar aks ettirilgan videomateriallar taqdim etildi.
Ta’kidlash lozim, tashrif buyurgan jurnalistlar mazkur seminar unda qatnashgan barcha ishtirokchilar uchun foydali bo‘lishini aytib o‘tdi va bunday seminarlarni yana tashkil etish taklifi bilan chiqidi.
Seminarda ishtirok etgan FIFA instruktori Ali Traifi mazkur tadbir haqida o‘z fikrlarini bildirdi va hakamlar bilan bir qatorda jurnalistlar ham futbol rivoji yo‘lida muhim o‘rin tutishini aytib o‘tdi.
“Futbol faqat futbolchi va murabbiylardan iborat emas. Unda bir qator boshqa soha vakillari ham borki, ularsiz bu sport turini tasavvur qilish qiyin, – dedi Ali Traifi. – Hakamlarning qarorlari futbolda katta ahamiyatga ega va ayrim vaziyatlarda aynan ushbu qarorlar o‘yin taqdirini hal qiladi.
Shu bilan birga, futbolda jurnalistlarning ham o‘rni kattadir. Aynan ular tufayli millionlab insonlar eng so‘nggi futbol yangiliklaridan xabardor bo‘ladi. Ammo ayrim vaziyatlarda ular o‘z nuqtai nazaridan kelib chiqib, qoidalar haqida yetarlicha bilimga ega bo‘lmay futboldagi epizodlar, hakamlarning qarorlari borasida borasida fikr yuritadi. Bu esa futbol muxlislari va o‘quvchilar uchun noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatilishiga olib keladi.
Bugungi seminar aynan shunaqa holatlar takrorlanmasligi uchun ham tashkil etildi. Seminar davomida esa o‘zbekistonlik jurnalistlarning munozarali vaziyatlarni muhokama qilish paytida ancha faol bo‘lgani menga manzur bo‘ldi”.
Izoh (0)