Keksalarni e’zozlash yili munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi I. Savitskiy nomidagi san’at muzeyida musavvir Jenis Lepesov ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi. Unda rassomning “Baxt”, “Onalik”, “So‘zana fonidagi qoraqalpoq qizi”, “Navro‘z” kabi kartinalari namoyish etilmoqda, deb xabar beradi “Uz24.uz”.
Taniqli musavvir Jenis Lepesov qoraqalpoq tasviriy san’atida o‘ziga xos syujet va obrazlar orqali milliy yo‘nalish yarata olgan rassomlardandir. Uning “Sozandalar”, “Kungaboqar”, “Xo‘jaylining eski ko‘chasi”, “Jayhun go‘zali”, “Nukusdagi xiyobon” kabi qator kartinalari mutaxassis va muxlislar e’tiborini qozongan.
I. Savitskiy nomidagi san’at muzeyi fondida rassomning 50 dan ziyod asari saqlanmoqda. Ular orasida, ayniqsa, O‘zbekistonning betakror tabiati va ona zamin ne’matlari yorqin ranglarda ifodalangan asarlar hech kimni befarq qoldirmaydi. Xususan, musavvirning portret janrida yaratgan kartinalarida fidoyi yurtdoshlarimiz siymosida milliylik yaqqol gavdalanadi.
Umrining 70-bahorini qarshi olayotgan taniqli rassom Jenis Lepesov bugungi kunda ham tasviriy san’at sirlarini yoshlarga qunt bilan o‘rgatib kelmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar ustozi 30 yildan buyon Y. Qo‘spo‘latov nomidagi san’at maktabida yoshlarga ta’lim berib keladi. Uning shogirdlari orasida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari ham bor.
Izoh (0)