2015-yilning 24–28-fevral kunlari Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida boks bo‘yicha an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinadigan “Stranja” xalqaro turniri o‘tkazilmoqda, deb xabar beradi “Stadion.uz”.
Kecha, 24-fevral kuni 66-bor tashkil etilgan mazkur xalqaro turnirga start berildi. Bu yilgi musobaqalarda 34 davlatdan 244 nafar charm qo‘lqop ustasi (173 nafari erkak – 71 nafari xotin-qizlar) g‘oliblik uchun bahs yuritadi.
Birinchi kun bo‘lib o‘tgan musobaqada O‘zbekistondan Shahobiddin Zoirov (-52 kg) bolgariyalik Zdravko Mixaylovni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Vazni 56 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar musobaqasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan tajribali sportchi Murodjon Ahmadaliyev ham o‘zining ilk jangida Jafar Abdulridxa (Iroq) ustidan yirik 3:0 hisobida zafar quchdi.
Dastlabki kun bo‘lib o‘tgan bahslarda ringga ko‘tarilgan yana bir o‘zbekistonlik Isroil Madrimov (-69 kg) irlandiyalik raqibi Adam Nolanga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va uchrashuvni 3:0 hisobida o‘z foydasiga hal qilib, oltin medallar uchun kurashni davom ettirmoqda.
Xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan musobaqada bahslarga kirishgan Yodgoroy Mirzayeva (-60 kg) o‘ta murosasiz kechgan jangda xitoylik Junxa Yunga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur xalqaro turnirda O‘zbekiston sharafini himoya qilish maqsadida jami 12 nafar charm qo‘lqop ustasi Sofiya shahriga yo‘l olgan. Bular: Muborak Kamolova (-48 kg), Yodgoroy Mirzayeva (-60 kg), Shahnoza Nizomova (-75 kg) Abdulla Qo‘chqorov (-49 kg), Shahobiddin Zoirov (-52 kg), Murodjon Ahmadaliyev (-56 kg), Elnur Abduraimov (-60 kg), Fazliddin G‘oipnazarov (-64 kg), Isroil Madrimov (-69 kg), Elshod Rasulov (-81 kg), Rustam To‘laganov (-91 kg) va Bahodir Jalolov (+91 kg).
Izoh (0)