Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida shaxmat bo‘yicha FIDE Gran-prisining uchinchi bosqichi davom etmoqda. Sayyoramizning eng kuchli grossmeysterlari ishtirokida o‘tayotgan nufuzli musobaqada hamyurtimiz 2004-yilgi jahon chempioni Rustam Qosimjonov ham ishtirok etmoqda, deb xabar berdi “Olamsport”.
Kecha o‘tkazilgan 3-tur uchrashuvida hamyurtimiz oq donalarda gollandiyalik Anish Giri bilan hisob-kitob qildi. Tomonlar 20-yurishdan keyinoq murosaga kelishni afzal bilishdi. Ushbu durangdan so‘ng Qosimjonov 1,5 ochko bilan turnir jadvalida 5-o‘rinni egallab turibdi.
Bugun Rustam Qosimjonov 4-turda qora donalarda kubalik Lener Dominges bilan munosabatlariga oydinlik kiritib oladi. Dominges o‘tkazgan uchchala partiyasida ham raqiblari bilan durangga imzo chekkan va uning hisobida ham 1,5 ochko bor.
Turnir jadvalida 2,5 ochkoga ega rossiyalik Yevgeniy Tomashevskiy yakka peshqadamlik qilyapti. Ozarbayjonlik Shaxriyar Mamadiyarov, rossiyalik Dmitriy Yakovenko va gollandiyalik Anish Giri hisobida 2 tadan ochko mavjud.
Izoh (0)