Joylarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari davom etmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri 16-fevral kuni Namangan shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Hotamjon Ketmonov namanganlik saylovchilar bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 6-Namangan okrug saylov komissiyasining raisi G‘.Ortiqov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili A.Qirg‘izboyev yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod H.Ketmonov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Dasturda aholi bandligini ta’minlash tizimini doimiy ravishda takomillashtirish, aholiga yuqori sifatli va maqbul tibbiy yordamdan keng foydalanish imkoniyatini ta’minlash, demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasidagi va boshqa asosiy vazifalar belgilangan.
Uchrashuvda “Namangan haqiqati” gazetasi bosh muharriri M.Parpiyev, O‘zbekiston XDP Uychi tumani kengashi raisi, xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi deputati R.Abdullayev, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi raisi o‘rinbosari M.Ubaydullayev va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ko‘ppartiyaviylik hamda muqobillik asosida, xalqaro demokratik tamoyillarga mos o‘tayotganini ta’kidlab, Prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturi va unda belgilangan ustuvor vazifalar xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Saylovchilarni 2015-yil 29-mart kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Izoh (0)