Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichiga o‘tish uchrashuvi doirasidagi “Bunyodkor” va “Al-Jazira” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin o‘z nihoyasiga yetdi, deb xabar beradi “Uff.uz”.
O‘yin “qaldirg‘ochlar”ning faol hujumlari bilan boshlandi. Aytish kerakki, tarkibida bir qator nomdor futbolchilarga ega amirlik klubi o‘yinning boshlarida u qadar bosim uyushtirgani yo‘q. “Al-Jazira”ning eng mashhur legioneri Mirko Vuchinich ushbu o‘yinda ishtirok etmaganini ham ta’kidlab o‘tish kerak.
Dastlabki gol o‘yinning 23-daqiqasiga to‘g‘ri keldi. Ketma-ket uchta burchak to‘pidan keyin “Bunyodkor” hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. Sardor Rashidov tomonidan oshirib berilgan to‘pni Vohid Shodiyev darvozaga aniq yo‘lladi.
Birinchi bo‘limning so‘nggi daqiqalari O‘zbekiston uchun omadsiz keldi. O‘yinni boshqarib borgan Ali Rizo Fag‘oniy “Al-Jazira” futbolchisiga nisbatan “Bunyodkor” jarima maydonchasi ichida qo‘pollik ishlatgan deb topdi. 11 metrli nuqtaga yaqinlashgan Osiyo Kubogi to‘purari Ali Al-Mabhut aniq zarba yo‘llab, hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi.
Ikkinchi bo‘lim ham O‘zbekiston vakillarining faolligi bilan boshlandi. 53-daqiqaga kelib “Bunyodkor” futbolchilari ajoyib kombinatsiya uyushtirdi. Shodiyev tashlab bergan to‘pni Minori chiroyli tarzda Rashidovga yetkazib berdi. Darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqqan Rashidov vaziyatni ko‘kka sovurmadi – 2:1.
Shundan keyin “Al-Jazira” hujumga o‘tib, hisobni tenglashtirishga harakat qildi. Ammo “Bunyodkor” himoyachilari ularning hujumlarini bartaraf etib turdi. Bir vaziyatda Minorining o‘zi ikki raqib futbolchisi o‘rtasidan yorib o‘tib, darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib borayotgandi, ammo himoyachilar uni qo‘llari bilan ushlab qoldi. Biroq Fag‘oniy bu vaziyatda Minori simulyatsiya ishlatgan deb topib, unga sariq kartochka ko‘rsatdi. Kamiga hakamga e’tiroz bildirgani uchun Shodiyev va Ibrohimovga sariq kartochka ko‘rsatdi.
O‘yin oxiriga qadar “Bunyodkor” vakillarida gol kiritish uchun yana bir qator qulay vaziyatlar yuzaga kelgandi. Ammo ular bu vaziyatdan unumli foydalana olmadi. Shu tariqa “qaldirg‘ochlar” nomdor raqib ustidan g‘alaba qozonib, Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichiga yo‘llanma oldi.
“Bunyodkor” – “Al Jazira”: 2:1
Gollar: Vohid Shodiyev 22, – 1:0. Ali Mabhut 45+1 penalti, – 1:1. Sardor Rashidov 52, – 2:1.
“Bunyodkor”: Akbar To‘rayev, Akmal Shorahmedov, Shaker Zuagi, Javlon Ibrohimov, Sato Minori, Mirzohid G‘ofurov (Doston Hamdamov, 55), Ivan Miloshevich, Vohid Shodiyev (Eldor Shomurodov, 65), Artyom Filiposyan, Sardor Rashidov, Akram Komilov.
“Al Jazira”: Al Senani, Musallim Fayoz, Ali Mabhut, Jusiley, Manuel Lanzini, Pitroypa, Hamis Ismoil (Yosir Matar, 84), Abdulla Musa, Xolid Sebil, Saif Xalfan (Hasan Amir, 63), Bashir Said.
Izoh (0)