O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan yengil avtomobillarni sotib olishda o‘zaro hisob-kitoblarni xorijiy valyutada amalga oshirish uchun jismoniy shaxslarga lokal plastik kartochkalar ochish va ularga xizmat ko‘rsatish bozori o‘rganib chiqildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Olib borilgan o‘rganishlar natijasida, “Asaka” DATB va “Kapital bank” OATB jismoniy shaxslarga xorijiy valyutadagi lokal plastik kartochkalarini ochish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar Davlat reestriga kiritildi.
Yuqorida qayd qilingan monopol xizmatlarga qo‘llanilayotgan tariflar asosliligi o‘rganilganda, har ikkala bank tomonidan xorijiy valyutada lokal plastik kartochkalarni ochish uchun xorijiy valyutada 30 AQSh dollari miqdorida xizmat haqi olayotgani ma’lum bo‘ldi.
Banklar tomonidan qo‘llanilayotgan tariflar monopolistik faoliyatni cheklashga oid qonunchilik talablaridan kelib chiqib qo‘llanilayotganligi o‘rganilganda, har ikki bank tomonidan ham ushbu xizmat turi bo‘yicha monopol yuqori narxlarda xizmat ko‘rsatilayotganligi aniqlandi.
Natijada har ikkala bankka nisbatan monopol yuqori narxlarni qo‘llashni to‘xtatish va bundan keyin bunday tariflarni qo‘llamaslik to‘g‘risida ko‘rsatma berilib, mazkur xizmatni ko‘rsatish bo‘yicha qo‘llanilayotgan tariflar 20 AQSh dollari etib belgilanishga erishildi.
Izoh (0)