2014-yilda O‘zbekiston bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda 781 ta bojxona qoidabuzarliklari aniqlanib, natijada salkam 3,4 mlrd so‘m ekvivalentdagi naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yildi, deb xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.
Jumladan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Keles” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan “Toshkent−Moskva” yo‘nalishidagi poyezd yo‘lovchisi, buxorolik A.Muxamedovaning (maqoladagi barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) noqonuniy xatti-harakatlariga chek qo‘yildi. Aniqlanishicha, ushbu shaxs yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etmasdan turib, qo‘l yuklari orasiga 5700 AQSh dollarini yashirgancha olib chiqishga uringan ekan.“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari ham naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy olib o‘tilishiga oid bir nechta qonunbuzarlik holatlarini fosh qilishdi.
Shuningdek, samarqandlik R. Madraximovning Istanbulga parvozi biroz kechikdi. Boisi, u yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etgan 2000 AQSh dollaridan tashqari, bojxona xodimining og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilmasdan turib, 5000 AQSh dollarini cho‘ntagiga solgancha, bamaylixotir chiqib ketishga uringan ekan.
“Toshkent−Frankfurt” reysi bo‘yicha parvozga shaylangan I. Koyenov ham “uddaburon” chiqib qoldi. Xolislar ishtirokida ushbu shaxs shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, charm kurtkasining ichki qismiga xamyon mohirlik bilan yashirilganligi fosh bo‘ldi. Xamyonda esa yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd qilinmagan va tabiiyki, yashirincha olib chiqish uchun ko‘zlangan 5900 yevro borligi aniqlandi.
Shuningdek, bojxonachilar xitoylik Yu Xan tomonidan 11300 AQSh dollarining qonunga xilof ravishda olib chiqib ketilishining oldini olishdi. “Toshkent−Urumchi” reysi bo‘yicha parvoz oldidan ushbu xorijiy fuqaroga tegishli bagaj bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, mazkur naqd xorijiy valyutalar yuklar orasiga yashirib qo‘yilganligi ayon bo‘ldi.
Qarshilik L. Norqulova ham Moskvaga uchish oldidan tavakkalga qo‘l urdi. Amaldagi tartiblarga zid ravishda naqd xorijiy valyutalarni olib chiqishning gyoo‘ki tesha tegmagan usulini qo‘lladi. Ya’ni, belidagi kamari orasiga 13070 AQSh dolarini ustomonlik bilan bekitib oldi. Ammo, bojxonachilar qarshisida bezovtalanishi, uning “isitma”sini fosh qilib qo‘ydi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, respublikamizda rezidentlarga 2000 AQSh dollari ekvivalentidagi naqd xorijiy valyutalarni yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozma qayd etish sharti bilan erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi. Bundan ortiq miqdordagi naqd valyutalarni olib chiqish uchun esa vakolatli banklar yoki Markaziy bankning o‘rnatilgan tartibdagi ruxsatnomasi talab etiladi.
Norezidentlarga esa O‘zbekistonga kirib kelayotganda o‘zi bilan olib kelgan hamda bojxonaga taqdim etilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etilgan miqdordagi xorijiy valyutani olib chiqishlariga ruxsat berilgan.
Izoh (0)