2015-yilda valyuta siyosatidagi o‘zgarishlar bozorni harakatga keltirgan eng yirik omil bo‘lmoqda, deb yozadi Business Insider.
Asosiy voqealar Yevropa Markaziy bankining yanvar oyida yangi miqdoriy yumshatish (obligatsiya sotish orqali elektron pul emissiyasini oshirish – “Daryo”) dasturini e’lon qilishi, Shveysariya Milliy bankining kutilmaganda Shveysariya frankining yevroga nisbatan bog‘liqligini bekor qilishi va Daniya Markaziy bankining 3 hafta ichida foiz stavkalarini to‘rt marta qisqartirishi bo‘ldi. Endi esa AQSh Federal zaxirasidan bunga javob kutishmoqda.
Germaniyaning Deutsche Bank banki iqtisodchisi global valyuta siyosatidagi ushbu jarayon bo‘yicha qisqa sharh tayyorlagan. Unda aytilishicha, kutilmagandek tuyulsa-da, bularning barchasi O‘zbekistondan boshlangan.
“Moda trendlari Parij yoki Milandan boshlansa, valyuta siyosati shamollari Toshkentdan esdi. O‘zbekiston Markaziy banki 5-yanvarda foiz stavkalarini qisqartirish bilan 2015-yilning yo‘nalishini belgilab berdi. Shundan beri, bu ishni G20 davlatlarining yarmi, jumladan ushbu haftada Avstraliya va Xitoy amalga oshirdi. Bozorlar hayratga tushdi. G20 davlatlarining o‘ntasida o‘rtacha stavka 7 foizdan oshdi, qolgan 10 tasida esa 3 foizdan ortdi. Shunga qaramay, aksiyalar bozoridagi yutuqlar yumshatish siyosatini qo‘llagan davlatlar valyutalari dollarga nisbatan o‘rtacha to‘rt foizdan pasaydi, qolgan davlatlarda esa ayirboshlash stavkalari o‘zgarishsiz qoldi. Sof natija: aksiyalarning dollarda ifodalangan daromadlilik darajasi ‘Toshkent trendi’ga ergashganlar va unga qarshi turganlar uchun bu yil bir xil – o‘rtacha 2 foizni tashkil etadi”, − deyiladi Deutsche Bank analizida.
Izoh (0)