Soatiga 8 millionta maqolasi o‘qiladigan Wikipedia ochiq ensiklopediyasining 30 ming tahrirchisi oyiga 5 yoki undan ortiq maqolani tuzatadi. Giraffedata niki ostida faoliyat yuritadigan 51 yoshli dasturchi Brayan Xenderson esa maqolalarda uchraydigan aynan bir xatoni sakkiz yildan buyon to‘g‘rilab kelmoqda, deb yozadi Meduza.
2007-yildan buyon u 47 mingdan ortiq tuzatish kiritgan. Har yakshanba oqshomida Xenderson uxlashdan oldin “comprised of” (o‘z ichiga olgan, iborat) birikmasining noto‘g‘ri ishlatilish holatlarini tuzatib chiqadi. Dastlab u maxsus dastur yordamida ushbu jumla qatnashgan yangi maqolalarni topib, solishtirib chiqadi. Yakunda dastur tahrirlanishi kerak bo‘lgan maqolalarni ajratib beradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bitta xatoni tuzatishga 10 soniya sarflaydi.
Barcha tahrirchilar ham uning ishini to‘g‘ri tushunavermagan. 2009-yilda kimdir Xenderson tuzatgan 30 ta jumlani yana tahrirlab chiqqan va uning ustidan Wikipedia asoschisi Jimmi Ueylsga arz ham qilgan, biroq u Xendersonning varianti to‘g‘riroq ekanini e’tirof etgan. Xenderson ilk marta 2006-yil 14-avgust kuni protsessor haqidagi maqolaga tuzatish kiritgan.
Izoh (0)