Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasining O‘zbekiston iqtisodiyotida tutgan o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda, deb xabar beriladi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Banki rasmiy saytida.
Xususan, 2014-yilda mamlakat yalpi ichki mahsulotining 56 foizi, ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining 31,1 foizi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari hissasiga to‘g‘ri keldi. Shu bilan birga, iqtisodiyotda jami ish bilan band bo‘lgan aholining 76,5 foizi shu sohada faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, faoliyat yuritayotgan kichik biznes subyektlarining soni 2014-yil davomida 20 mingtaga oshib, 2015-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, 195 mingdan ziyodni (dehqon va fermer xo‘jaliklarini hisobga olmagan holda) tashkil etdi.
Shuningdek, Hukumat tomonidan O‘zbekiston eksport salohiyatini mustahkamlash, eksport hajmining barqaror oshib borishini ta’minlash va uning tarkibida ijobiy o‘zgarishlarga erishish hamda import o‘rnini bosuvchi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar respublika tashqi savdo balansining 180 million AQSh dollari miqdoridagi ijobiy saldo bilan ijro etilishini ta’minladi.
Izoh (0)