Amerikalik olim Venesuelaga 40 ta atom bombasi qurib berishni va Nyu-York ustiga bomba tashlashni taklif qilgani uchun ozodlikdan mahrum etildi, deb xabar bermoqda Daily Mail.
Argentinada tug‘ilgan Pedro Leonardo Maskeroni AQSh fuqaroligini olgan va 1979−1989-yillarda Los-Alamos milliy laboratoriyasining yadro qurolini rivojlantirish departamentida ishlagan. Uning xotini Merjori Roksbi Maskeroni ham o‘sha laboratoriyaning texnik hujjatlar bo‘limida 1981-yildan 2010-yilgacha ishlagan.
FQB o‘z maxfiy agentining Maskeroni bilan Venesuela vakili sifatida olib borgan muzokarasi videolavhasini sudga taqdim etgan. Olim “hokimiyat va pul” evaziga ommaviy qirg‘in quroli arsenalini 10 yil ichida qurishga va’da bergan. Bundan tashqari, u namoyish maqsadida Nyu-York ustiga bomba tashlashni maslahat bergan. Uning fikricha, bundan odamlar aziyat chekmaydi, faqatgina elektr energiyasi uzilib qoladi.
Albukerke shahrining okrug sudi olimni 5 yilga, rafiqasini 1 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. Ular sud bilan aybni tan olish to‘g‘risida kelishuv imzolagach, muddat qisqartirilgan. Biroq o‘z chiqishida u harakatlarining noto‘g‘riligini tan olishdan bosh tortgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u “venesuelalik” kishiga hech qanday maxfiy texnologiyalarni taklif qilmagan, bunday qilishga AQSh uning yadro energiyasini olishda ftor-vodorod lazeridan foydalanish nazariyasini tan olmagani majbur qilgan.
Izoh (0)