Bugun, 30-yanvar kuni Janubiy Koreyaning “Ulsan Xyonde” klubi “O‘zbekiston futbolining qahramoni Server Jeparov bilan shartnoma imzolandi”, deya e’lon qildi. Bu haqda “Stadion.uz” xabar bermoqda.
Odatda, Janubiy Koreya klublari xorijiy yig‘inga ketishdan avval barcha transfer ishlarini yakunlardi. Ammo hozirda “Ulsan Xyonde” a’zolari Tailandda o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazayotgan bir vaqtda klub Server Jeparov va Janubiy Koreya yoshlar terma jamoasi a’zosi Li Chang Yong bilan shartnoma imzoladi.
Bosh murabbiy Yun Jong Xvan “Server Jeparov qanotlarda ham, markazda ham birdek harakatlana oladigan futbolchi. Buning ustiga u jamoani g‘alabalarga yetaklay oladi. Uning tajribasi jamoamizga asqotishiga ishonaman”, — deya ushbu kelishuvdan xursandligini yashirmadi.
O‘z navbatida, Server Jeparov: “Men ‘Ulsan’ bilan shartnoma imzolaganimdan juda xursandman. Bu jamoa bilan odatdagi maqsadim — sovrinlarga ega chiqishni istayman. Jamoa muxlislaridan stadionimizni to‘ldirib bizni quvvatlashlarini so‘rayman”, — deya fikr bildirdi.
Hozircha “Ulsan Xyonde” Jeparov bilan qancha muddatga shartnoma tuzilganligini ma’lum qilmagan. Eslatib o‘tamiz, “Ulsan Xyonde” klubi 2014-yilgi mavsumda key-ligada 6-o‘rinni egalladi. Koreys OAVlari xabariga ko‘ra, o‘tgan ikki mavsumni Janubiy Koreyaning boshqa klubi “Seongnam”da o‘tkazgan Jeparov 2 yil davomida klubi safida 55 o‘yinda maydonga tushib, 13 ta golga mualliflik qilgan holda 5 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
Izoh (0)