O‘zbekiston oziq-ovqat sanoatida 391 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda 2015-yil 23-yanvarda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan Harakat dasturida ma’lum qilingan. Dastur “Xalq so‘zi” gazetasida chop etilgan.
Dasturda aytilishicha, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi samaradorligini oshirishning muhim asosi va kafolati sifatida sug‘oriladigan yerlarning hosildorligini oshirishga Hukumat alohida e’tibor qaratadi. 2013−2017-yillarda Sug‘oriladigan yerlarni meliorativ jihatdan yaxshilash chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish izchil davom ettiriladi. Dastur irrigatsiya inshootlari kompleksini qurish va rekonstruksiya qilishni hamda yanada zamonaviy, energiyani tejaydigan asbob-uskunalar o‘rnatishni nazarda tutadi. Bundan maqsad – 5 yil davomida 1 million 400 ming gektar sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirishni ta’minlashdan iboratdir.
Suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish ishlarini davom ettirish, jumladan, bog‘lar va uzumzorlarni tomchilatib sug‘orish tizimlarini kengaytirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Bu esa har yili 1 milliard kubometrgacha suvni tejash imkonini beradi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hajmlarini ko‘paytirish – navbatdagi muhim vazifa hisoblanadi. Ushbu maqsadda oziq-ovqat sanoatida 391 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish, kamida 1 million 300 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash hajmiga ega bo‘lgan 2 mingdan ortiq zamonaviy sovutish kameralarini qurish, saqlash joylarining umumiy hajmini 2 million tonnagacha yetkazish nazarda tutilmoqda. Ayni vaqtda o‘zaro bog‘langan logistika tizimi rivojlantiriladi.
Agrar sohada ko‘rsatib o‘tilgan va boshqa chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida 2015−2019-yillarda oziq-ovqat xavfsizligini yanada mustahkamlash va oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy turlari bilan respublikaning o‘zini-o‘zi ta’minlashi, shuningdek, tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan ushbu mahsulotlar eksportini sezilarli oshirish ta’minlanadi.
Izoh (0)