Yurtimizdagi ko‘plab futbol muxlislari O‘zbekiston terma jamoasining Avstraliyada o‘tayotgan Osiyo kubogida kamida yarim finalga qadar yetib borishini kutayotgandi. Lekin Mirjalol Qosimov drujinasi musobaqadagi ishtirokini chorak finaldayoq yakunlab uyga qaytishga majbur bo‘ldi.Terma jamoamiz safida uzoq yillardan buyon barqaror o‘yin namoyish etib kelayotgan tajribali yarim himoyachi Temur Kapadze bilan uchrashib, uning bu galgi qit’a birinchiligidagi ishtirok borasidagi fikrlari bilan qiziqdik, deb xabar bermoqda “Sports.uz”.
− Temur, Osiyo kubogi-2015 musobaqasidan qanday taassurotlar qoldi?
− Taassurotlar ijobiy. Musobaqa har tomonlama yaxshi tashkillashtirilgan. U qadar katta muammolar kuzatilmadi. Faqat uchrashuvlar o‘tkaziladigan shaharlar orasidagi masofa uzoq ekani biroz qiyinchilik tug‘dirdi.
− Terma jamoamizning mazkur musobaqadagi ishtiroki borasida nima deya olasiz?
− Menimcha, biz turnirda yomon ishtirok etganimiz yo‘q. Bizga shunchaki omad yetishmadi, deyishim mumkin. Ba’zan hakamlar ham o‘zlarining qarorlari bilan o‘yin sur’atiga ta’sir etgan hollari ham bo‘ldi. Lekin turnirni o‘ylaganimizdan erta tark etganimizda hakamlarni ayblash ham noo‘rin. Peshonaga shunday yozilgan ekan, na iloj…
− Bosh jamoamiz qayd etgan natija qoniqarlimi?
− Yo‘q. Biz finalga qadar yetib borib, yurtimizdagi barcha futbol ihlosmandlarini xursand qilishni xohlagandik. Yakunda esa chorak finaldayoq musobaqa bilan xayrlashishga majbur bo‘ldik. Demak, natijamizni qoniqarli deyish noto‘g‘ri. Lekin shu o‘rinda aytish kerakki, chorak finalda o‘ynash ham yomon natija emas. Hamma ko‘rdi, terma jamoaning barcha a’zolari qo‘ldan kelgancha o‘ynashga harakat qilishdi. Yigitlarimiz maydonda yurt sha’ni uchun borlarini berishga intilishdi.
− OK−2015da terma jamoamiz safida maydonga tushgan yoshlar haqida qanday fikrdasiz?
− Yangi yetishib chiqayotgan yoshlarda shijoat kuchli. Buni sezish qiyin emas. Kishini xursand qiladigan tomoni, ular o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qilishyapti va buni qaysidir ma’noda uddalashyapti ham. Ishonch bilan aytishim mumkin, agar hozirgi tarkibdagi o‘yinchilar o‘z ustilarida ishlashda davom etishsa ulardan yaxshi saviyadagi futbolchi chiqadi. Buning uchun ularga asosiy tarkibda ishonch bildiraverish kerak.
− Demoqchisizki, yosh futbolchilarni qo‘rqmay asosiy tarkibda maydonga tushiraverish mumkin.
− Ha. Biz ham qachonlardir yosh bo‘lganmiz va bizga ham akalarimiz o‘z joylarini bo‘shatib berishgan. Bu ishni qilish navbati endi bizga ham keldi. Osiyo Kubogi davomida amin bo‘ldimki, yoshlar bizning o‘rnimizni bosa olishadi. Shu sababdan o‘z o‘rnimni yoshlarga bo‘shatib, ularga yanada o‘sish imkonini berishim lozimligi borasida o‘ylab qoldim. Men terma jamoadagi faoliyatimga yakun yasamoqchiman.
− Bundan chiqdi, endi bor e’tiboringizni klubingizga qaratar ekansiz-da?
− Ha, shunday. Men terma jamoadan ketyapman. Bu haqda yaqinda bo‘ladigan terma jamoa yig‘ilishida e’lon qilishni o‘ylab turibman. Bundan keyin faqat klub uchun o‘ynayman.
− Yangi mavsumni “Lokomotiv” safida o‘tkazasizmi?
− Kelayotgan mavsumda “temiryo‘lchilar” safida o‘ynayman. Klub bilan shartnoma imzolaganman. Yaqinda xorij yig‘iniga jo‘nab ketamiz. Mazkur yig‘inda o‘zimni ko‘rsatib, murabbiylar shtabi ishonchini qozonishni maqsad qilganman. Yangi mavsumda “Loko”ga sovrinlar qo‘lga kiritilishida nafim tegishini istayman.
− “Lokomotiv” oldiga yangi mavsumda qanday vazifa qo‘yilgan?
− “Lokomotiv” o‘z oldiga faqat maksimal vazifalarni qo‘yadigan klub. Biz yangi mavsumda ham turli sovrinlarga ega chiqishni maqsad qilganmiz. Nafaqat ichki birinchilikda, balki xalqaro maydonda ham yaxshi natijalarga erishib muxlislarimizni xushnud etmoqchimiz.
Izoh (0)