Sardor Rashidovning “Inter” klubiga o‘tish masalasini FIFA agenti San’at Sharipov shaxsan klub prezidenti Erik Tohir bilan muhokama qildi, deb xabar beradi “Uff.uz”.
Osiyo Kubogidan ortga qaytayotgan futbol agenti San’at Sharipov Jakartada Milanning “Inter” klubi prezidenti Erik Tohir bilan uchrashdi.
Norasmiy va do‘stona ruhda o‘tgan muzokara chog‘ida San’at Sharipov “Inter” xo‘jayiniga uning klubi O‘zbekiston milliy terma jamoasi vingeri Sardor Rashidovni yaqindan kuzatishni tavsiya qildi. O‘z o‘rnida Erik Tohir ham bunga rozilik bildirib, Sardor Rashidovni klubga taklif qildi.
Ayni paytda “Bunyodkor” klubi fevralda boshlanadigan Osiyo Chempionlar ligasiga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Shu sababli San’at Sharipov Toshkentga kelganidan keyin “Bunyodkor” rahbarlari bilan uchrashib, Rashidovning “Inter” klubiga borishi uchun har ikki tomonga qulay bo‘lgan vaqtni tanlab olishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, San’at Sharipov Erik Tohir bilan kelajakda o‘zaro hamkorlik qilish, “Inter” klubi infratuzilmasi bilan tanishish, tajriba almashish borasida ham kelishib oldi.
Eslatib o‘tamiz, Sardor Rashidov Osiyo Kubogida O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida barcha 4 ta uchrashuvda qatnashib, 2 ta gol kiritgan. Guruhdagi KXDR va Xitoyga qarshi o‘yinlarda Rashidov zaxiradan maydonga tushgan bo‘lsa, Saudiya Arabistoni va Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinlarni asosiy tarkibda boshlagan.
Izoh (0)