Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) O‘zbekiston iqtisodiyotining 2015-yilgi o‘sishiga doir prognoz ko‘rsatkichlarini yaxshiladi. Bu haqda xalqaro moliya muassasasining yanvar oyidagi hisobotida ma’lumot berilgan, deya xabar bermoqda “Kun.uz” UzDaily axborotiga tayanib.
Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi 2015-yilda 7,8 foizga o‘sadi. Bank o‘zining 2014-yil sentabridagi hisobotida O‘zbekiston iqtisodiyoti 2015-yilda 7,6 foizga o‘sishini taxmin qilgandi.
YeTTBning qayd etishicha, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2014-yilda 8 foizga o‘sgan. Ayni vaqtda, bankning 2014-yil sentabridagi hisobotida o‘sish sur’ati 7,5 foiz qilib ko‘rsatilgan edi.
YeTTB ekspertlarining fikricha, 2014-yil O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi 11 foizga teng bo‘lgan. YeTTBning prognoziga ko‘ra, O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi 2015-yilda ham 11 foizga teng bo‘ladi.
YeTTBning qayd etishicha, Rossiyadagi vaziyat O‘zbekistonning iqtisodiy rivojiga ham ta’sir qiladi, chunki nafaqat Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi qisqaradi, shu bilan birga, mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi ham qisqarishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston hukumatining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 2014-yilda YaIM hajmi 8,1 foizga teng bo‘lgan, inflyatsiya darajasi esa 6,1 foizdan oshmagan. Ayni vaqtda, O‘zbekiston rasmiylari 2015-yilda mamlakat iqtisodiyoti 8 foizga o‘sishini, inflyatsiya esa 5,5—6,5 foizni tashkil etishini prognoz qilmoqda.
Izoh (0)