BAA terma jamoasi bosh murabbiyi Mahdi Ali Eronga qarshi kechgan bahsni boshqarib borgan yaponiyalik hakam Ryuzi Satoga nisbatan tanqidiy fikr bildirgani uchun jarimaga tortildi, deb xabar bermoqda “Uff.uz”.
BAA terma jamoasi Osiyo kubogi guruh bosqichida Eronga 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchragan edi. Mahdi Alining ta’kidlashicha, Eronning goli o‘yindan tashqari holat tufayli bekor qilinishi kerak edi. Shuningdek murabbiyi Volid Abbosga ko‘rsatilgan sariq kartochkani ham hakam Sato yo‘q joydan o‘ylab topganini ta’kidlagan. Mahdi Alining aytishicha, BAA chorak finalda Yaponiya terma jamoasiga qarshi o‘ynashi tufayli Volid Abbos maydonga tusha olmasligi uchun Sato uni ataylab ogohlantirgan ekan. Biroq murabbiyning nazdida o‘sha vaziyatda hatto qoida buzilishi ham bo‘lmagan.
“Men bundan juda hayratga tushdim. Balki bu ogohlantirishga sabab chorak finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynash ehtimoli bo‘lganidir”, − deydi murabbiy.
Shu bilan birga Mahdi Ali O‘zbekiston − Saudiya Arabistoni uchrashuvini boshqargan Benjamin Uilyamsning hakamligini baholashdan bosh tortgan. Benjamin Uilyams bu uchrashuvda shubhali penalti belgilagan va O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilariga beshta sariq kartochka ko‘rsatgan edi. Eslatib o‘tamiz, Avstraliya terma jamoasi musobaqa davomida O‘zbekistonga qarshi o‘ynashi mumkin va bu ogohlantirishlar sababi shu bilan bog‘langan.
“Menimcha bu masalani OFK ko‘rib chiqishi kerak. Shu sababli men bu borada fikr bildira olmayman”, − dedi Mahdi Ali.
Izoh (0)