Janubiy Koreyaning germaniyalik bosh murabbiyi Uli Shtilike pivoga muhabbat qo‘ygan aksariyat nemislardan farqli ravishda vinoni xush ko‘radi. U har safar ovqatlangach 1−2 qadah vino ichib turadi. 3-turda Avstraliya ustidan qozonilgan g‘alaba sharafiga u kichik vino bazmini uyushtirdi, deb xabar bermoqda “Stadion.uz”.
Koreys OAVlariga bu haqda izoh berarkan Uli Shtilike shunday dedi: “Katta musobaqalar davomida ichkilikka ruju qo‘ymayman. Lekin 31-yanvar kuni turnir Kubogini qo‘limizda tutib shampanxo‘rlik qilishga yo‘q demasdim”.
Mahalliy Sports Choson gazetasining yozishicha, Janubiy Koreya terma jamoasi 1994-yilgi Osiyo o‘yinlaridan buyon o‘tgan 21 yil davomida O‘zbekistonga mag‘lub bo‘lmagan va koreyslar bu an’anani davom ettirish niyatidalar. Kecha mashg‘ulotlar yakuniga yetgach, Uli Shtilike koreys jurnalistlariga bergan qisqa intervyusida O‘zbekiston bilan o‘yinda iloji boricha ko‘proq to‘pni nazorat qilishga e’tibor qaratishlarini aytdi.
“Biz Ummon va Quvaytga qarshi o‘yinlarda to‘p nazoratiga ko‘proq ahamiyat berdik. Menimcha, O‘zbekiston bilan o‘yinda ham shunday qilsak kerak”, − dedi bosh murabbiy.
Sports Choson keltirgan statistikaga ko‘ra, Janubiy Koreya Ummon bilan o‘yinda 67,1 %, Quvaytga qarshi bahsda esa 50,8 % to‘pga egalik qilgan. Avstraliya bilan o‘yinda esa koreyslar eng past darajada − 32,9 % to‘pga egalik qilishgan holda g‘alaba qozonishgan. Janubiy Koreyaning boshqa bir futbol nashri Daylian O‘zbekiston terma jamoasi bilan chorak finalda bahs olib borishlariga “21 yil davomida bizga mag‘lub O‘zbekistonga tushdik. XAYRIYAT”, degan biroz nokamtarona sarlavha ostida maqola e’lon qilarkan, maqola davomida baribir o‘zbeklardan ehtiyot bo‘lishni urg‘ulab o‘tadi:
“Tarixdagi muvaffaqiyatlar kelajakdagi yutuqlarga kafolat bo‘lolmaydi. O‘zbekiston asosiy o‘yinchilariga dam bergan holda Saudiya Arabistonini mag‘lub etganligini unutmaslik lozim. Buning ustiga Li Chung Yong (‘Bolton’, Angliya) va Ku Ja Chol (‘Mayns-05’, Germaniya) kabi asosiy futbolchilarimiz jarohatlari sabab chorak finalda bizga yordam bera olishmaydi”.
Eslatib o‘tamiz, shu paytgacha O‘zbekiston va Janubiy Koreya terma jamoalari 11 marta to‘qnash kelishgan bo‘lib, shundan 8 tasida koreyslar g‘alaba qozonishgan. 2 ta o‘yin durang bilan yakunlangan bo‘lsa, 1994-yili Xirosimada o‘tgan Osiyo O‘yinlaridagi g‘alabamiz hozircha yagona bo‘lib turibdi. Ha, hozircha!
Izoh (0)