2013-yil yakunida Namangan viloyati Pop tumanida istiqomat qiluvchi ayolning pensiyasi to‘xtab qoldi. Avvaliga u buni sezmadi. Lekin navbatdagi oyda pochta xabarchisidan ro‘yxatda ism-familiyasi yo‘qligini eshitgach, hayron bo‘ldi, deb qayd etdi “Huquq” gazetasi.
Ayol 2014-yil 13-yanvar kuni Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining Pop tumani bo‘limiga yo‘l oldi. Bo‘lim mutaxassisi holatni batafsil tushuntirib, pensiya qonuniy tarzda to‘xtatilganini ma’lum qildi. Bundan xafa bo‘lib, tashqariga chiqqan ayol muassasa hovlisida turgan Chodak qishlog‘ida yashovchi fuqaroga duch keldi. Chodaklik fuqaro imtiyozli pensiya tayinlashda yordam berishi mumkinligini aytib, xarajati borligini ham qo‘shib o‘tdi. Nafaqaxo‘r ayol bunga ishonib, telefon raqamini ham qoldirayotgan chodaklik fuqaroga hujjatlari bilan birga 100 ming so‘m tutqazdi.
Keyingi bir necha oy mobaynida nafaqaxo‘r fuqaro najotkorining qo‘liga uch marotaba 100 AQSh dollaridan tutqazdi. Biroq pensiyadan darak bo‘lmadi. Shu bois u 2014-yil 2-aprel kuni pensiya bo‘limiga borib, nafaqa pulini surishtirdi va xodimlardan bo‘limda chodaklik fuqaro ishlamasligini eshitib, aldanganini tushunib yetdi.
Ayolning SVOJJDLQK departamenti Pop tuman bo‘limiga qilgan murojaati asosida tegishli chora-tadbirlar olib borilib, firibgarning jinoyati to‘liq isbotlandi. Mazkur holat jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudida ko‘rilib, aybdor qonuniy jazoga mahkum etildi.
Izoh (0)