16-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Majlisda ma’ruza qilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda ta’lim sohasida olib borilayotgan ishlarga e’tibor qaratdi:
Ta’lim sohasida o‘quv muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash borasidagi ishlar izchil davom ettirildi. O‘tgan yili hammasi bo‘lib 540 dan ziyod obyekt, shu jumladan, 380 ta maktab, 160 dan ortiq kasb-hunar kolleji va akademik litsey tubdan yangilandi. Mazkur maqsadlar uchun qariyb 550 milliard so‘m sarflandi. Ushbu mablag‘larning 120 milliard so‘mdan ortig‘i ta’lim muassasalarini o‘quv, laboratoriya va ishlab chiqarish uskunalari, komputer va multimedia vositalari bilan ta’minlash uchun ajratildi.2011-2016-yillarda oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish dasturi doirasida 19 ta oliy ta’lim muassasasida qurilish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha qiymati 230 milliard so‘mlik ishlar bajarildi. Andijon davlat universiteti, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti, O‘zbekiston Milliy universitetida yangi o‘quv binolari barpo etildi.
2014-yilda bir qator yangi institut va fakultetlar, o‘quv-ilmiy markazlar ochildi. Toshkent tibbiyot akademiyasining stomatologiya fakulteti va hududlardagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari negizida Andijon, Buxoro, Samarqand va Nukus shaharlarida filiallariga ega bo‘lgan Toshkent davlat stomatologiya instituti tashkil etildi.
Toshkent davlat sharqshunoslik institutida xitoyshunoslik fakulteti ochildi, shuningdek, ushbu institut qoshida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazi tashkil qilindi.
Janubiy koreyalik sheriklar bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Inxa universiteti tashkil etildi.Mazkur oliy o‘quv yurtida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida, birinchi navbatda, dasturiy ta’minot mahsulotlari ishlab chiqarish, axborot tizimlari va komputer tarmoqlarini boshqarish bo‘yicha xalqaro standartlar darajasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanadi.
O‘tgan yili oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishning takomillashtirilgan tizimi joriy etildi, ya’ni test sinovlariga informatika bo‘yicha savollar kiritildi, mutaxassislikka oid fanlar bo‘yicha baholash ballari oshirildi. Bu esa oliy o‘quv yurtlariga tanlagan kasbini hisobga olgan holda, eng yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan abituriyentlarni saralab olish imkonini beradi.
Izoh (0)