O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fuqaro muhofazasi institutida zilzilalarni simulatsiya qilish majmuasi foydalanishga topshirildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Majmua O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda Markaziy Osiyodagi DIPECHO VII tabiiy ofatlarga tayyorgarlikni ta’minlash dasturi doirasida tashkil etildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda vazirlik va idoralar, O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi, YeXHT, Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi delegatsiyasi, Gumanitar yordam va fuqaro muhofazasi bo‘yicha Yevropa komissiyasi (ECHO), Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri, general-mayor T.Xudaybergenov mustaqillik yillarida Prezident rahnamoligida turli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularga qarshi kurashishning samarali tizimi yaratilganini ta’kidladi. Mazkur tizim favqulodda vaziyatlarni aniq prognoz qilish, tezkor ogohlantirish va tabiiy ofatlarning oqibatlarini bartaraf etishga yo‘naltirilgan. Zilzilalarni simulatsiya qilish majmuasi bu borada amalga oshiriladigan ishlarda muhim o‘rin tutadi. Ushbu majmua aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida kadrlar tayyorlash darajasini oshirish imkonini beradi.
Yangi majmuada zilzilalar tufayli vayron bo‘lgan binolarning maketlari joylashtirilgan zal mavjud. Shuningdek, bu yerda zilzilalar muzeyi, yer silkinishiga o‘xshash holatni yuzaga keltiradigan maxsus o‘quv trenajyori bilan ta’minlangan bino, tibbiyot xonasi bor.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda amalda bo‘lgan aholini zilzilalar ro‘y berganda harakatlanishga tayyorlash, yer silkinishlarini prognoz va monitoring qilish bo‘yicha kompleks dastur, gidrotexnik inshootlar va turar joylarning seysmik barqarorligini baholash jarayoni bilan tanishtirildi.
Izoh (0)