13-yanvar kuni Toshkent shahar hokimiyati binosida “Toshshahartransxizmat” AKning yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda UzReport. Kompaniya tomonidan o‘tgan yil davomida yo‘nalishlarda harakat tarkibini yangilash uchun 80 ta Isuzu avtobuslari xarid qilinib yo‘nalishlarga chiqarilgan.
Anjumanda ma’lum bo‘lishicha, “Toshshahartransxizmat” AK Toshkent shahrida yo‘lovchi tashish transportini tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida 2013-yil oktabrdan buyon faoliyat yuritib kelmoqda.
Kompaniya tarkibida 9 ta avtobus saroylari, 8 ta mas’uliyati cheklangan jamiyatlar, “Toshkent tramvayi” UK, “Toshkent metropoliteni” DUK, “Toshtransdispetcherxizmat” UK, “Toshyo‘lovchitransxizmat” UK, “Toshavtota’mirxizmat” UKlar faoliyat ko‘rsatmoqda.
2014-yilda 309 milliondan ortiq yo‘lovchilar tashildi va 224 milliard so‘m miqdorida daromad olindi. Bugungi kunda jami 127 ta yo‘nalishlarning 1370 ta avtobuslariga GPS trekerlari va GSM antennalari o‘rnatildi. Yo‘nalishlarda harakatlanayotgan 157 dona avtobuslarga 2 tomonlama so‘zlashuv moslamalari o‘rnatildi.
Anjumanda, “Toshshahartransxizmat” AK boshqarma boshlig‘i O.X. Sodiqov – 2015-yilda yo‘lovchilarni tashish bo‘yicha tarif, ya’ni yo‘lkira narxlari ko‘tarilmasligini ta’kidladi.
Shuningdek, anjumanda OAV xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga mutassadilar tomonidan to‘liq javob olishdi.
Izoh (0)