O‘zbekistonda eshitish qobiliyati buzilgan bolalar koxlear implantatsiya bo‘yicha bepul operatsiya qilinadi, deb xabar bermoqda “Uz24.uz”.
Koxlear implantatsiya operatsiyalari ikki tomonlama sensonevral eshitish pastligining III-IV darajalari qayd etilgan yoki kar bo‘lgan shaxslarning eshitish qobiliyatini ko‘p kanalli elektrod yordamida ichki quloqqa stimul berish orqali tiklash maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida o‘tkaziladi.
Bemor bolalar uchun koxlear implantatsiya operatsiyasini o‘tkazish va koxlear implantatsiya operatsiyasidan keyingi reabilitatsiya tadbirlari bepul amalga oshiriladi.
Koxlear implantatsiya operatsiyasi bemor bola 5 yoshga to‘lganga qadar o‘tkazilganda ijobiy natija berishini hisobga olib, byudjet mablag‘lari hisobiga xarid qilingan implantatlardan samarali foydalanish uchun ular 5 yoshga to‘lmagan bolalarga bepul taqdim etiladi.
5 yoshga to‘lmagan bemor bolalarning ota-onalari, ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar yoki homiylari byudjet mablag‘lari hisobiga xarid qilingan implantat hisobiga amalga oshiriladigan koxlear implantatsiya operatsiyasini o‘tkazish bo‘yicha navbatni kutishni istamagan taqdirda, implantatni o‘zlari sotib olishlari mumkin.
5 yoshga to‘lgan va undan oshgan bemor bolalarda koxlear implantatsiya operatsiyasi ota-onalar, ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar yoki homiylarning istagiga ko‘ra va ular tomonidan implantant sotib olingan taqdirda o‘tkaziladi.
Yoshidan qat’i nazar, meningit kasalligi natijasida eshitish qobiliyatini yo‘qotgan bemor bolalarda olti oy ichida koxlear implantatsiya operatsiyasi o‘tkaziladi va ularga implantat bepul asosda taqdim etiladi. Bemor bola meningit kasalligi natijasida eshitish qobiliyatini yo‘qotgan vaqt uning kasallik tarixidan ko‘chirmaga asosan aniqlanadi.
Implantat faqat bitta quloq uchun bepul taqdim etiladi.
Oilada ikki yoki undan ortiq 5 yoshga to‘lmagan bemor bola bo‘lganda, koxlear implantatsiya operatsiyasidan keyingi reabilitatsiya tadbirlari samaradorligini ta’minlash maqsadida, implantat bir kalendar yilda ulardan faqat bittasiga bepul taqdim etiladi.
Izoh (0)