12-yanvar kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Parlament quyi palatasining birinchi majlisini qonun hujjatlariga muvofiq markaziy saylov komissiyasining raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov ochdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi rasmiy saytida xabar berildi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, markaziy organlar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ham ishtirok etdi.
Deputatlar yettita masaladan iborat kun tartibini tasdiqladi.
Markaziy saylov komissiyasining raisi Qonunchilik palatasiga bo‘lib o‘tgan saylov yakunlari to‘g‘risida axborot berdi. Bunda O‘zbekistonda parlament saylovi sifat jihatidan yangi ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy sharoitlarda, ochiqlik, oshkoralik va transparentlik kabi demokratik prinsiplar asosida, qonun hujjatlarining talablariga, umum e’tirof etilgan xalqaro normalar va andozalarga to‘la muvofiq tarzda o‘tkazilganligi alohida ta’kidlandi.
Saylov kampaniyasi davomida siyosiy partiyalarga tashviqot o‘tkazish, o‘z saylovoldi dasturlarining qoidalarini ommaviy axborot vositalari orqali aholi keng qatlamlariga yetkazish uchun teng sharoitlar yaratildi. Qonunga muvofiq O‘zbekiston fuqarolari o‘z xohish-irodasini erkin bildirish uchun keng imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Saylov jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish va uning borishini dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan kelgan yuzlab xalqaro va O‘zbekiston kuzatuvchilari kuzatib bordi.
Umuman olganda, bo‘lib o‘tgan saylovlar elektoratning faolligi, siyosiy va huquqiy yetukligi o‘sganligini yorqin namoyish etdi. Saylov O‘zbekiston xalqining demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, xalq farovonligi va Vatan ravnaqini oshirishga qaratilgan iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lidagi uyushqoqligining ko‘zgusi bo‘ldi.
Ilgariroq Qonunchilik palatasiga siyosiy partiyalardan va O‘zbekiston ekologik harakatidan saylangan deputatlarning ta’sis yig‘ilishlari bo‘lib o‘tib, mazkur yig‘ilishlar yakunlariga ko‘ra, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyalari, shuningdek, O‘zbekiston ekologik harakati deputatlar guruhi shakllantirildi, ularning rahbarlari saylandi. Majlis chog‘ida palata a’zolari siyosiy partiyalar fraksiyalarini va Ekologik harakatdan saylangan deputatlar guruhini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Izoh (0)