2013-yilning oktabr oyida Toshkent viloyatidagi Ohangarondan 20 kilometr janubi-sharqda, Ovjasoy qishlog‘i yaqinidan qadimiy jonivor, taxminlarga ko‘ra mamontning suyak qoldiqlari topilgan edi. Bu haqda “Uz24.uz” xabar bermoqda. Yer ostida juda chuqur joylashgan qoldiqlarning aniqlanishiga tuproqning ustki tarixiy-madaniy qatlamlarini yuvdirib ketgan sel sabab bo‘lgan.
5 kun olib borilgan qazish ishlari davomida suyaklar ustiga maxsus gips quyildi. So‘ngra ular ehtiyotkorlik bilan restavratsiya ishlari o‘tkazilayotgan Geologiya muzeyiga ko‘chirildi.
Ushbu noyob eksponatni ko‘rish istagida bo‘lganlar muzeyning barcha ish kunlarida tashrif buyurishlari mumkin bo‘ladi, maktab o‘quvchilari uchun esa maxsus ekskursiya dasturi tayyorlanmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Arxidiskodon (Archidiscodon meridionalis Nesti) − Afrika, Hindiston fillari, mamontlarning qadimiy ajdodi hisoblanadi. Bu jonzotlar 2-2,5 million yil avval yashagan. E’tiborlisi, bu mahalliy geologiya tarixida so‘nggi 60 yil ichida qayd etilgan eng noyob topilmadir.
Izoh (0)