Toshkent shahrida yuridik shaxslarning nomlari va ramzlarida davlatning rasmiy nomidan foydalanishga oid tartib-qoidalarga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Toshkent viloyati adliya boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda huquqshunoslar, tegishli idora va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Seminarda yuridik shaxslarning nomlarini tartibga solishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Bu borada davlat tomonidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 11-oktabrdagi “Yuridik shaxslarning nomlari va ramzlarida davlatning rasmiy nomidan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori shu maqsadga xizmat qilmoqda. Mazkur qarorda “O‘zbekiston Respublikasi” va “O‘zbekiston” nomlaridan, shuningdek, ulardan hosila so‘zlardan o‘z nomlari va ramzlarida foydalanish huquqiga ega yuridik shaxslar belgilangan.
Qaror talablarini amalda ta’minlash maqsadida Yuridik shaxslarning nomiga davlatning rasmiy nomini, shuningdek, undan hosila so‘zlarni qo‘shish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma ishlab chiqildi. Unda davlatning rasmiy nomini, shuningdek, undan hosila so‘zlarni qo‘shish bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining adliya organlariga murojaat etishi tartibi va muddatlari belgilandi.
Tadbirda mazkur qaror mazmun-mohiyati, yo‘riqnomadan foydalanish tartibi bo‘yicha batafsil tushuntirish berildi.
Izoh (0)