Yer sayyorasini ultrabinafsha nurlaridan himoya qiladigan ozon qatlami “tiklanishning ilk belgilarini namoyon qilmoqda”, deb qayd etildi Butunjahon meteorologiya tashkiloti va BMTning atrof-muhit bo‘yicha Dasturi tomonidan Jenevada e’lon qilingan bayonotda. Bu haqda “TASS” axborotiga tayanib, “Korrespondent.net” xabar bermoqda.
Dunyoning 36 mamlakatidan 300 ga yaqin olim ishtirok etgan tadqiqotda atmosferaga ajratilayotgan chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha jahon hamjamiyati tomonidan ko‘rilayotgan choralar o‘z natijasini berayotgani aniqlandi.
Mutaxassislarning bashoratiga ko‘ra, harakatlar shu tarzda olib borilsa, joriy asrning o‘rtalariga kelib, ozon qatlami “hisob boshlanish nuqtasi” deb olingan 1980-yildagi darajaga yetadi. 1980-yildan keyingi davrda ozon konsentratsiyasi atmosferada tez sur’atlarda kamaya boshlagan edi.
Olimlarning qayd etishicha, odamzotning ozonga zarar yetkazuvchi mahsulotlardan foydalanishini to‘xtatish orqali mazkur himoya qatlami tiklanishini 11 yilga tezlashtirish mumkin. Taxminlarga ko‘ra, 1987-yil qabul qilingan Monreal bayonnomasidagi choralar jahon hamjamiyati tomonidan amalga oshirilsa, ozonning tiklanishi XXI asrda ham davom etadi.
Izoh (0)