Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda BMT Taraqqiyot Dasturi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Tabiiy ofatlar xavf-xatarini boshqarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining salohiyatini mustahkamlash” loyihasi doirasida “Qamchiq dovoni yo‘lida tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish” yangi yo‘nalishi amalga oshirilmoqda. Bu haqda BMT Taraqqiyot Dasturining O’zbekistondagi vakolatxonasi matbuot markazi xabar berdi.
Ushbu tadbirlar Yevropa Hamjamiyatining Gumanitar Yordam berish Departamenti (ECHO) hamda BMT Taraqqiyot Dasturining O’zbekistondagi vakolatxonasi moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Ko‘zlangan tadbirlarning asosiy maqsadi tabiiy ofatlar yuz berishi mumkin bo‘lgan Qamchiq dovoni atrofidagi hududlarda yashovchi aholini favqulodda holatlarga tayyorgarligini oshirish maqsadida ushbu Qamchiq dovonida xatarli gidrologik holatlarni kuzatish uchun monitoring tizimini o‘rnatishdir.
O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun muhim yo‘nalish bo‘lgan Qamchiq dovoni O‘zbekistonning markaziy shahri va aholi eng ko‘p yashaydigan Farg‘ona vodiysi – Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarini bog‘lab turuvchi yuk tashuvchi va yo‘lovchi transport yo‘nalishi bo‘lib, bu yo‘ldan kuniga 10-15 mingga yaqin transportlar vositalari o‘tadi.
Belgilangan tadbirlar doirasida xavfli gidrometeorologik holatlarni kuzatish tizimini takomillashtirish, favqulodda hodisa yuz bergan joyini aniqlash xususiyatiga ega mobil telefonlar uchun yangi dastur, FVVning yangi veb-sayti hamda yangi yo‘nalishning muhim hududi bo’lgan Ohangaron shahrida qor ko‘chishi, yer ko‘chkisi va sel kelishi haqida aholining xabardorligini oshirish maqsadida bir qator media materiallarini: o‘quv filmi, bolalar uchun multiplikatsion film, broshyura va qo‘llanmalar ishlab chiqish mo‘ljallangan.
Izoh (0)