2014-yilning noyabrida Yaponiyaning Kavasaki shahrida I-1 Grand-Prix Isuzu Xalqaro texnik tanlov bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Anons.uz”. Unda Samarqanddagi “SamAvto” avtomobil zavodining uch nafar mutaxassisidan iborat guruh ham ishtirok etdi.
Bu yil tanlovda 31 mamlakat jamoalari qatnashdi, ular ikki guruhga bo‘lindi. A guruhida Buyuk Britaniya, Avstraliya, Shveysariya, Yaponiya, AQSh, Turkiya, Yangi Zelandiya, Ispaniya, Singapur, Isroil, Gonkongdan iborat 11 ta jamoa; B guruhida esa Indoneziya, Filippin, O‘zbekiston, Ummon, Quvayt, Malayziya, Rossiya, Kolumbiya, Peru, Tailand, Saudiya Arabistoni, Ekvador, BAA, Panama, Xitoy, Vyetnam, Meksika, Pokiston, Janubiy Afrika va Shri-Lankadan iborat 20 ta jamoa bahslashdi.
Musobaqa dasturidan nazariy (yozma) va amaliy turdagi topshiriqlar o‘rin oldi. “SamAvto” zavodi jamoasi Avtomobilni ta’mirlash va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yo‘riqnoma talablariga muvofiq dvigatel, shassi va yoritish asboblaridagi nosozliklarni aniqlab, ularni bartaraf etish bo‘yicha o‘z guruhida eng yuqori natijalardan birini ko‘rsatdi.
Musobaqalar natijalariga ko‘ra, A guruhida birinchi uchta o‘rinni Buyuk Britaniya, Avstraliya va Shveysariya, B guruhida esa Indoneziya, Filippin va O‘zbekiston egalladi.
Izoh (0)