Rossiyada o‘z maqomini qonuniylashtirish uchun Sankt Peterburgdagi migratsiya markaziga borgan o‘zbekistonliklar sarson bo‘layotgani, odamlar 3-4 kunlab navbatda qolib ketayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Migratsiya agentligi holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Unda qayd etilishicha, O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasining ma’sul xodimlari migratsiya markazida yuzaga kelgan vaziyatni o‘rgandi.
Mazkur markazda Rossiya prezidentining 2024-yil 30-dekabrdagi “Rossiya Federatsiyasida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning ayrim toifalarining huquqiy holatini tartibga solish bo‘yicha vaqtinchalik chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni doirasida ishlash ruxsatnomasini — patent rasmiylashtirish jarayonlari amalga oshirilmoqda.
Markaz xodimlari to‘liq ish rejimida faoliyat olib bormoqda hamda hujjatlar rasmiylashtirish belgilangan tartib va talablar asosida tashkil etilgan. Shu bilan birga chet el fuqarolari uchun migratsiya markazining ish vaqti haqida ma’lumot taqdim etilgan.
“Videodagi holatning kelib chiqishi fuqarolarning navbatda turishga rioya qilmasligi sababli sodir bo‘lgan. Shu bois xavfsizlikni ta’minlash maqsadida temir panjaralar o‘rnatilgan. Bundan tashqari fuqarolar tomonidan patent olish bo‘yicha belgilangan hujjatlar to‘liq taqdim etilmagan”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, videomurojaatda ishtirok etgan fuqarolar bilan bevosita suhbat o‘tkazilib, ularga hujjatlarni qonuniy rasmiylashtirish tartib-taomillari va migratsiya markazining ishlash mexanizmi haqida batafsil tushuntirish berilgan.
Migratsiya agentligi fuqarolarning huquqlari, xavfsizligi va qonuniy maqomda bo‘lishi doimiy ravishda nazoratda ekanligini bildirdi.
Rossiya prezidentining farmoniga ko‘ra 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab huquqiy va amaliy tartibga solmagan xorijliklarga nisbatan chiqarib yuborish va kelajakda Rossiyaga kirishni taqiqlash kabi choralar qo‘llaniladi. Shu sababli Rossiyada vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan o‘zbekistonliklar huquqiy maqomlarini qonuniylashtirishi lozim.
Izoh (0)