Bloomberg joriy haftaning ikki kunida Rossiyaning eng badavlat 20 kishisi 10 milliard dollar yo‘qotganini hisoblab chiqdi, deb xabar bermoqda “Kun.uz” .
Agentlikning qayd etishicha, bunga RTS indeksi 2009-yil martidan beri eng quyi darajaga tushgani hamda rublning dollar va yevroga nisbatan qadrsizlangani sabab bo‘lgan.
Bloomberg Billionaires reytingi ma’lumotlariga ko‘ra, 2014-yil davomida rossiyalik milliarder jami 62 milliard dollar yo‘qotishgan va endilikda ularning umumiy boyligi 174 milliard dollarga baholanmoqda.
Eng ko‘p “Novatek” kompaniyasi rahbari Leonid Mixelson yo‘qotishga uchragan – uning boyligi yil boshidan 8,7 milliard dollarga kamayib, hozirda 9,2 milliard dollarga teng. “Novatek”ning 23,5 foiziga egalik qiluvchi Gennadiy Timchenkoning yo‘qotishi esa 7,8 milliard dollarga teng bo‘lib, hozircha unda 3,2 milliard qolgan.
“NLMK” po‘lat quyish guruhi rahbari Vladimir Lisin esa yil boshidan beri boyligining 42 foizini (7,5 milliard dollar) yo‘qotib, hozirgi vaqtda 7 milliard dollar bilan reytingning 179-o‘rnida bormoqda.
Kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan Alisher Usmonov esa 6,8 milliard dollar yo‘qotib, Rossiyaning eng boy odami maqomini 13,6 milliard dollari bor Viktor Vekselbergga boy berdi. Usmonov hisobida hozircha 13,4 milliard bor va u hozirgi vaqtda jahonning eng boy 69-odami bo‘lib turibdi.
Bloomberg qayd etishicha, Alisher Usmonov “Megafon” aloqa operatorining 20 foiz aksiyasiga egalik qiladi, bu kompaniyaning qiymati esa yil boshidan beri 58 foizga arzonlashdi. Rossiyadagi aksiyalaridagi yo‘qotishlar o‘rnini Usmonov Xitoydagi Alibaba va JD.com internet-kompaniyalariga kiritgan sarmoyalari bilan nisbatan qoplab olgan.
O‘zbekistondagi 1-dekabrdan faoliyatini boshlagan “MTS” aloqa operatorining bosh hissadori hisoblangan “Sistema” kompaniyasi rahbari Vladimir Yevtushenkov esa, foiz hisobida, eng katta yo‘qotishga uchragan. “Bashneft” ishi bo‘yicha hozircha hibsda saqlanayotgan Yevtushenkov yil boshidan beri 90 foiz davlatini (jami 9 milliard dollar) yo‘qotgan va Rossiyaning eng boy 20 odami ro‘yxatidan chiqib ketgan.
Yil boshidan beri boyligi ko‘paygan yagona rus milliarderi Oleg Deripaska bo‘lib turibdi. “Rusal”ning 48 foizi aksiyasi hisoblangan Deripaska hozirda 7,5 milliard dollar egasi va jahon reytingida 165-o‘rinda bormoqda. Bunga “Rusal” aksiyalarining 101 foizga o‘sgani va o‘z hissadoriga 855 million dollar daromad keltirgani ham sabab bo‘lgan.
Izoh (0)